AsosiyJamiyat

Xitoylik professor "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga prorektor etib tayinlandi

'Xitoylik professor "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetiga prorektor etib tayinlandi'ning rasmi

Xitoylik professor Tongqian Zou 2022 yil 1-oktabrdan Samarqand shahridagi "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilmiy ishlar va innovasiyalar bo`yicha prorektori lavozimida ish boshladi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Turizm va madaniy meros vazirligimatbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, professor Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi, Milliy ijtimoiy fanlar fondi bosh eksperti, Xitoy madaniyat va turizm akademiyasi dekani lavozimlarida ishlagan. Xususan, 2006 yildan 2013 yilgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetining turizm menejmenti kafedrasi dekani lavozimida faoliyat olib borgan. 2013 yildan hozirgacha Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti prezidenti maslahatchisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Shuningdek, 2019—2020 yillarda "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universiteti rektori maslahatchisi lavozimida ishlagan, 2020 yil oktyabr oyida "Turizm fidoyisi" ko`krak nishoni bilan taqdirlangan. Professor Tongqian Zou ushbu lavozimga Pekin xalqaro tadqiqot universiteti prezidenti Ji Jinbiao tomonidan tavsiya etilgan.

Shuningdek, 2021 yildan buyon AQShdan taklif etilgan doktor Raymond Jozef Xofman universitetda o`quv ishlari bo`yicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda. 1982 yilda doktor Xoffman Oksford universitetida PhD darajasini oldi. Bundan tashqari, u Florida shtati universiteti, Garvard universiteti va Germaniyaning Heidelberg universitetida ilmiy daraja va ish tajribasiga ega. Ayni paytda prorektor zamonaviy o`quv dasturlarini joriy etish, "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetini xalqaro darajadagi universitetlar qatoriga kiritishga o`z hissasini qo`shmoqda.

Ma`lumot uchun, «Ipak yo`li» xalqaro turizm va madaniy meros universiteti O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2018 yil iyun oyida Sindao (XXR) shahrida bo`lib o`tgan ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining Sammiti doirasida tashkil etilgan. O`zbekistonda xalqaro turizm sohasida professional kadrlar tayyorlash maqsadida universitetga xorijiy oliy ta`lim muassasalarida (AQSh, Xitoy, Hindiston, Fransiya, Yaponiya, Avstraliya, Turkiya) turizm va madaniy meros sohasida ishlagan 10 dan ortiq xorijiy professor-o`qituvchilar jalb qilingan.

Boshqa yangiliklar