AsosiyJamiyat

Toshkentda "Tez yordam"ning ayol xodimi kaltaklandi

'Toshkentda "Tez yordam"ning ayol xodimi kaltaklandi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida o`z xizmat vazifasini o`tayotgan “Tez yordam” xodimlari kaltaklanganiga doir xabarlar tarqaldi. Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor o`rganishlar natijasini e`lon qildi. 

Ma`lum bo`lishicha, kecha soat 16:27da Yakkasaroy tumanining Bobur ko`chasida joylashgan xonadonlarning biridan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiriq kelib tushgan. Shundan so`ng shifokor B.M. va feldsher ayol J.I. dan tarkib topgan “103” brigadasi chaqiriq manziliga etib borib, bemor B.J.ga tibbiy yordam ko`rsatgan.  

Biroq ahvoli o`ta og`ir bo`lganligi sababli B.J.ni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishga qaror qilingan. Bemorni transportirovka qilish chog`ida uning o`g`li asosli sabab bo`lmasa-da, tibbiy brigada xodimlari bilan tortishib, qo`l ko`tarish darajasigacha borgan.  

Oqibatda feldsher J.I. ko`krak qafasiga zarba olgan va ahvoli yomonlashgan. Shunga qaramay, tibbiy brigada o`z xizmat burchiga mas`uliyat bilan yondashib, chaqiriqni yakunlagan, ya`ni bemorni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining qabul bo`limiga olib borgan.  

Shundan so`ng “103” feldsheri J.I. mazkur shifoxonaning xirurgiya  bo`limi shok zaliga “Ko`krak qafasining yopiq jarohati” tashxisi bilan yotqizilgan.  

Hozir feldsher J.I. mazkur bo`limning intensiv palatasida tegishli davo muolajalarini olmoqda. Ahvoli o`rta og`irlikda. Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o`z nazoratiga olgan. 

Holatga Bosh prokuratura munosabat bildirdi. Unga ko`ra, surishtiruv natijalari bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi. Surishtiruv harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar