AsosiyJamiyat

18-21 oktyabr kunlari "InnoWeek.Uz-2022" haftaligi bo`lib o`tadi

'18-21 oktyabr kunlari "InnoWeek.Uz-2022" haftaligi bo`lib o`tadi'ning rasmi

AOKAda Innovasion rivojlanish vaziri o`rinbosari va boshqa mutasaddilar ishtirokida "InnoWeek.uz-2022" Xalqaro Innovasion g`oyalar haftaligi bo`yicha matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda "Darakchi.uz" muxbiri xabar bermoqda.

Ushbu xalqaro haftalikda 50 dan ortiq xorijiy davlatlardan va mahalliy ilmiy-innovasion markazlar, investisiya fondlari, texnologiya agentliklari, texnoparklar va biznes-inkubatorlar vakillari, ekspertlar, olimlar qatnashmoqda.

Bugungi kunga kelib, antropogen omil tufayli ekologiyaga insoniyat tomonidan etkazilayotgan zarar miqdori kun sayin ortib bormoqda. Tabiiyki bu jarayonlarning oldini olish va ularning ta`sirini kamaytirish jahon hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Shu bois haam "InnoWeek.Uz-2022" haftaligining bu yil “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovasiyalar” shiori ostida o`tmoqda.

21 oktyabrga qadar davom etadigan "InnoWeek.Uz-2022" haftaligi doirasida 30dan ortiq tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, innovasiyalar kirib borgan har bir sohalarning faoliyatiga e`tibor qaratiladi va ko`rgazmalarda taqdim etilishi inobatga olingan.

Xususan, 17 oktyabr kuni "TechnoWays" texnologik rivojlanish marafoni final bosqichi o`z ishini boshladi. Haftalik doirasida mazkur marafon g`oliblari taqdirlanadi.

Haftalik doirasida tashkil etilayotgan innovasion ishlanmalar ko`rgazmasida respublikamiz olimlarining ilmiy ishlanmalari, innovasion mahsulotlar, startap loyihalari namoyish etiladi. Ilmiy ishlanmalar Tijoratlashtirish forumining kuzgi bosqichida Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan ilmiy loyihalar natijalari taqdimoti o`tkaziladi.

18 oktyabr kuni Xalqaro innovasion haftaligining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tadi. O`sha kunning o`zida "Universitetlarning ilmiy va innovasion faoliyati bo`yicha xalqaro birinchi forumi" o`z ishini boshlaydi. Ushbu forumda xorijiy va respublikamiz OTMlarning ilmiy va innovasion faoliyati muhokama qilinib, tahlil qilinadi. Shuningdek, “Barqaror rivojlanish uchun yashil innovasiyalar” mavzusidagi panel muhokamasi, “Iqlim o`zgarishining salbiy oqibatlarini qisqartirishga yo`naltirilgan yashil innovasiyalar” konferensiyasi hamda O`zbekiston-Germaniya B2B uchrashuvlari tashkil etiladi.

Ushbu haftalik doirasida 19 oktyabr kuni Osiyo va Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining "Yashil innovasiyalar bo`yicha texnik hamkorlik mexanizmlari" mavzusida mintaqaviy seminar o`tkaziladi. Mazkur tadbirda atrof-muhit va iqlim o`zgarishi xavfini kamaytirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yashil innovasiyalar, yangi texnologiyalarning joriy etilishi talab etiladigan global muammolar muhokama qilinadi.

Haftalik doirasida an`anaviy ravishda o`tkazilib kelinayotgan "International Robotics Challenge" robototexnika musobaqasi bo`lib o`tadi. 16 yoshdan 22 yoshgacha bo`lgan bolalarni qamrab olgan ushbu musobaqada robototexnikaga qiziquvchi yoshlar o`zaro bellashadi hamda eng yaxshi ishtirokchilar qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanadi.

"InnoWeek.Uz-2022" haftaligining 20 oktyabr kuni "Fan va innovasiyalar xalqaro ilmiy forumi", "Fan va innovasiya" yosh olimlar xalqaro ilmiy anjumani bo`lib o`tadi. Shu bilan birga xuddi shu kuni "Innovasion g`oya etakchisi" ko`krak nishoni hamda Jahon bankining grant dasturlari g`oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etiladi. "Turkiy davlatlar tashkiloti:" Aqlli shaharlar" masalalariga ixtisoslashgan" mavzusidagi IT mutaxassislari uchun ekspertlar konferensiyasi va «Energosamaradorlik va uglerodsiz kelajak energetikasi yo`lida» mavzusidagi xalqaro konferensiyasi ham shu kuni bo`lib o`tadi. Bundan tashqari, startap loyihalari jamoalari tomonidan ekologiya masalalari echimlari va investisiya jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilinadi.

Haftalikning so`nggi kuni esa "International Robotics Challenge" musobaqasining yakuniy bosqichi, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan fundamental loyihalar taqdimoti tashkil etiladi. Shuningdek, 21 oktyabr kuni "O`zbekistonda mis sanoatini rivojlantirish istiqbollari" mavzusidagi seminar ham o`tkaziladi.

Haftalik davomida xalqaro va mahalliy hamkorlar bilan shartnomalar va memorandumlar imzolanishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar