AsosiyJamiyat

AQSh kompaniyalarini O`zbekistonga jalb etish bo`yicha kelishuvga erishildi

'AQSh kompaniyalarini O`zbekistonga jalb etish bo`yicha kelishuvga erishildi'ning rasmi

Joriy yilning 17  oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev AQSh savdo vaziri o`rinbosari Marisa Lago bilan uchrashdi.

Muloqot chog`ida ikki davlat o`rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.

Ma`lumot uchun: So`nggi bir necha yil ichida O`zbekistonda AQSh kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga ko`payib, 315 taga etgan. 

Ta`kidlanishicha, uchrashuvda ikki tomonlama Investisiyaviy bitimni imzolash jarayonini tezlashtirish, amerika kompaniyalari va moliya institutlarini O`zbekistonda tog`-kon, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo`jaligi, to`qimachilik sanoati va boshqa sohalarda qo`shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo`yicha hamkorlikni faollashtirish bo`yicha kelishuvga erishilgan.

O`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollari muhokama qilingan. Tomonlar o`zaro tovar ayirboshlashda ijobiy tendensiyani qayd etdilar, bu ko`rsatkich 2021-yilda 53 foizga oshib, qariyb yarim milliard dollarga etdi va 2022-yilning yanvar-avgust oylarida esa yana 8,7 foizni tashkil etdi. O`zbekiston-AQSh ikki tomonlama savdo hajmini yanada oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish, jumladan, ikki tomonlama mahsulot etkazib berish hajmini oshirish maqsadida transport yo`laklarini diversifikasiya qilish jarayonini moliyaviy va texnik jihatdan qo`llab-quvvatlash bo`yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

O`zbekistonning JSTga a`zo bo`lishi jarayonida, AQSh tomonidan, boshqa uslublar qatorida, YuSAIDning texnik ko`mak loyihasini amalga oshirish orqali har tomonlama qo`llab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirildi. Tomonlar O`zbekistonning ushbu tashkilotga tezroq a`zo bo`lishi maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi iqtisodiy hamkorlik salohiyatini maksimal darajada ro`yobga chiqarish uchun muhokama qilingan barcha masalalar bo`yicha faol va doimiy muloqotni davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.

 

 

    Boshqa yangiliklar