Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegasiya 18-19 oktyabr kunlari Tojikiston hukumati va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi taklifiga binoan "Terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik" mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etmoqda.
Vazirlik ma`lumotiga ko`ra, bugun BMT Bosh kotibi o`rinbosari – BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov bilan uchrashuv bo`lib o`tgan.
Unda Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash, jumladan, BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingani aytiladi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha Toshkent konferensiyasi davomida ilgari surilgan tashabbus va takliflarni o`z ichiga olgan hamda ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini belgilab beruvchi "Yo`l xaritasi" imzolangan.
Ma`lumotga ko`ra, "Yo`l xaritasi" yuqori darajadagi qo`shma tadbirlarni tashkil etish, Markaziy Osiyoda kiberterrorizmga qarshi kurashish bo`yicha virtual tarmoq yaratish, Vatanga qaytarilgan fuqarolarni reabilitasiya qilish va reintegrasiya qilishda mahallalardan samarali foydalanish bo`yicha tajriba almashish, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzurida ushbu masala bo`yicha mintaqaviy ekspertlar kengashi ta`sis etish va boshqa tadbirlarni ko`zda tutadi.
Xususan, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida bag`rikenglik, dinlararo va madaniyatlararo muloqot g`oyalari va tamoyillarini targ`ib qilish maqsadida 2023 yilda BMT shafeligida O`zbekistonda "Ma`rifat va diniy bag`rikenglik" mavzuida yuqori darajadagi konferensiya o`tkazilishi rejalashtirilgan