Avvalroq, Samarqandda maktab direktori o`quvchini urib, tan jarohati etkazganligi haqida xabar bergan edik. Ushbu holat yuzasidan Samarqand viloyat xalq ta`limi boshqarmasi o`z munosabatini bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 12 oktyabr kuni soat taxminan 13:30 larda Urgut tumani 61-maktabning 6-sinfida dars o`tayotgan ona tili va adabiyot o`qituvchisi koridorda direktorning ovozini eshitgach, bolalar darsga quloq solmasdan pirotexnika vositalarini portlatayotganligidan shikoyat qiladi. Direktor sinfxonaga kirib so`rab o`tirmasdan shu sinf o`quvchisi D.H.ni urib ketadi.
Guvohlarning ta`kidlashicha, jabrlanuvchi sinfdagi bezorilikda ishtirok etmagan.
Samarqand viloyat xalq ta`limi boshqarmasi o`z munosabatida har qanday holatda ham o`qituvchilarni o`quvchilarga bo`lgan agressiv munosabatlarini qoralashini ma`lum qilgan.
Ma`lum qilinishicha, yuqoridagi holatdan kelib chiqib, Urgut tumanidagi 61- umumta`lim maktabining direktori B.R. Samarqand viloyat xalq ta`limi boshqarmasining tegishli buyrug`iga asosan lavozimidan ozod etilgan.