Toshkentning Mirzo Ulug`bek shoh ko`chasidagi piyodalar o`tish joylariga yo`lni ko`rsatuvchi ko`zgular o`rnatildi. Bu haqda Facebook’dagi «Voditeli Tashkenta» guruhida fotoxabar qoldirilgan, deb yozadi “Daryo”.
Foydalanuvchilardan birining qayd etishicha, bu ko`zgular ham haydovchilar, ham yo`lni kesib o`tayotgan piyodalar uchun mo`ljallangan. Gap shundaki, so`nggi vaqtlarda katta ko`chalarning o`rtasiga o`rnatilayotgan ajratuvchi to`siqlar ba`zi hollarda piyodaga yaqinlashib kelayotgan avtomobilni, haydovchiga esa yo`lni kesib o`tayotgan piyodani ko`rish imkonini bermaydi.
Mirzo Ulug`bek shoh ko`chasidagi piyodalar o`tish joyiga o`rnatilgan ko`zgu esa aynan shu kamchilikni bartaraf etishga yordam beradi — ko`zgu vaziyatni «panorama» rejimida ko`rsata olgani sabab, piyodaning ham, haydovchining ham xavfsizligi bir qadar oshadi.