2022 yilning 19 oktyabr kuni Toshkent shahrida ”Afg`oniston: mintaqaviy bog`liqlik, xavfsizlik va rivojlanish“ mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tdi.
Mazkur forum joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida oliy darajada o`tkazilgan ”Afg`oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning mantiqiy davomi bo`lib, u tomonlarning Afg`onistonning rivojlanishi va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi fikrlari mushtarak ekanligini tasdiqladi.
Ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etildi.
Toshkent uchrashuvida Afg`oniston, Pokiston, Eron, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg`iziston, Qozog`iston hamda O`zbekiston xavfsizlik organlari va razvedkaviy xizmatlari delegasiyalari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilariga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning tabrik xatini O`zbekiston Prezidentining maslahatchisi - Spichrayter Xayriddin Sultonov o`qib eshittirdi.
Xalqaro anjuman yakunida ishtirokchi davlatlar vakillari tomonidan o`zaro manfaatli hamkorlik bo`yicha yo`nalishlar va aniq vazifalar belgilab olindi, shuningdek, global hamda mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan terrorizmga qarshi birgalikda qat`iy kurashishga kelishib olindi.






