AsosiyJinoyat

Toshkentda 18 yashar talaba qiz terrorizmda ayblanib 5 yilga qamaldi

'Toshkentda 18 yashar talaba qiz terrorizmda ayblanib 5 yilga qamaldi'ning rasmi

Ma`lum bo`lishicha, Jumaeva terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufyona tarzda chamadon xarid qilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 18 avgustdagi hukmiga ko`ra  2004 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan D.J'ga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o`quvdan o`tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan aybli, deb topilib, unga uzil-kesil o`tash uchun 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Toshkent shahar sudlari bu haqda Darakchi.uz'ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 18 oktyabrdagi ajrimiga ko`ra jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 18 avgustdagi hukmi o`zgartirilib, D. Jumaevaning ayblovidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi chiqarilib, ushbu modda bilan va 59-moddasi tartibida tayinlangan jazo bekor qilingan. 

D. Jumaevaga Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o`zgarishsiz qoldirilib, mazkur kodeksning 155-2-moddasi 1-qismi bilan, ushbu kodeksning 57-moddasini qo`llab, 4 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan D. Jumaevaga uzil-kesil o`tash uchun 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida D. Jumaevaning 2022 yil 9 apreldan 13 iyunga qadar qamoqda saqlangan har bir kunini ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirib hisoblab, qamoqda saqlangan 2 oy 4 kunni jazo muddatidan chegirib, D. Jumaevaga uzil-kesil o`tash uchun 4 yil 11 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan.

"Albatta, endigina 18 yoshga to`lgan D. Jumaevaga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganligi g`oyatda achinarli. Ijtimoiy tarmoqlarda D. Jumaevaning “oliy o`quv yurtiga o`qishga kirganligi, prokuror ham unga engillik so`ragani” keng muhokama qilinmoqda. Biroq, shuni unutmaslik lozimki, xoh talaba bo`lsin, xoh yoshi ulug` shaxs bo`lsin, qonun barchaga barobar, jinoyatga esa jazo muqarrar. O`z navbatida faol fuqarolik pozisiyasiga ega bo`lgan ko`plab yurtdoshlarimiz aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganiga ham norozilik bildirganlar. Albatta, bunday kuyunchaklik, shu yurt farzandi - D. Jumaevaning taqdiriga befarq bo`lmaslik tahsinga sazovor holat.

Ammo, D. Jumaeva terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufyona tarzda jomadon xarid qilgan. Unga kiyim-kechaklarini joylashtirib, 2022 yil 15 martda xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga erishgan. Ularni o`z tanishining uyida yashirin ravishda saqlab kelgan. Eng ayanchlisi, 2022 yil 26 mart kuni soat 11.00 da “O`zbekiston-Turkiya-Suriya” yo`nalishi orqali Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish maqsadida harakat qilayotganida fosh etilgan va prosessual tartibda ushlangan. Sud D. Jumaevani ochiqda qoldirish orqali qayta tarbiyalash imkoni mavjud emasligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan", — deya ta`kidlab o`tiladi xabarda.

Qayd etilganidek, D. Jumaevaning jinoyat sodir etishdagi aybi tergov va birinchi bosqich sudi jarayonlarida o`z aybiga to`liq iqror bo`lib bergan ko`rsatmalari, guvohlarning ko`rsatmalari, uyali telefon apparatlarini tekshirish uchun olib qo`yish va ko`zdan kechirish bayonnomalari, A4 formatidagi 12 dona qog`oz varag`iga joylashtirilgan matnli yozishmalar, sud-texnik ekspertizasining xulosalari va unga ilova qilingan DVD+R disklar, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita ekspertlarining sudga oid dinshunoslik ekspertizasining xulosalari hamda jinoyat ishi hujjatlarida mavjud bo`lgan boshqa ob`ektiv dalillar majmui bilan o`z isbotini to`liq topgan.

Bu bilan D. Jumaevaga oid sud qarorlari endi o`zgarmaydi, deyishdan mutlaqo yiroqmiz. Zotan, Toshkent shahar sudi tomonidan chiqarilgan ajrimdan norozi taraflar jinoyat-prosessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatlarda Oliy sudga kassasiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli ekanligi ma`lum qilinadi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar