Xabaringiz bor, 2021 yilning 27 fevral oyida poytaxtimizning Chilonzor tumani Guliston ko`chasida joylashgan “Shovotlandiya” kafesida yong`in sodir bo`lib, o`t qo`yish oqibatida 5 kishi vafot etgandi. Mazkur jinoyat ishi bo`yicha ayblangan 2 nafar shaxsga jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi tomonidan hukm o`qilgan. Unga ko`ra, 36 yoshli sudlanuvchi “qasddan odam o`ldirish”, “tovlamachilik”, “mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar etkazish”, 26 yoshli sudlanuvchi esa “qasddan odam o`ldirish”, “mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar etkazish” jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilib, ularga uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Sudlanuvchilarga oid mazkur jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan hukm ustidan mahkumlar tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishi apellyasiya tartibida ko`rilayotgan edi.
19 oktyabr sanasida Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasida ochiq sud majlisida 9 soatdan oshiq vaqt davomida taraflarning muzokarasi tinglanib, sudda tanaffus e`lon qilingandi. Bugun esa mazkur jinoyat ishi yuzasidan sud ajrimi e`lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining 2021 yil 21 dekabrdagi Abduraximov Rustam va Sayfiev Faxriddinga oid hukmi hamda jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudining 2022 yil 25 fevral kungi ajrimi o`zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari va xususiy shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Sudlanuvchi R.Abduraximovdan olib qo`yilgan “Iphone 12 Promax” telefon apparati va boshqa buyumlarni qaytarish yuzasidan mafaatdor tomonlarga tergov organiga murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi.
Oybek Shukurov