AsosiyJamiyat

Kusherbaev jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishmasdan noto`g`ri ma`lumot tarqatib, ommani chalg`itgan - Toshkent shahar sudi Suriyaga ketmoqchi bo`lgan qiz ishi haqida

'Kusherbaev jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishmasdan noto`g`ri ma`lumot tarqatib, ommani chalg`itgan - Toshkent shahar sudi Suriyaga ketmoqchi bo`lgan qiz ishi haqida'ning rasmi

Sal avval Toshkentda terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketmoqchi bo`lgan 18 yoshli talaba qizga nisbatan sud hukmi o`qilgan edi. Shundan so`ng, qizning yosh va talaba ekani ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinib, uni jazodan ozod etish taklif etilgan. Jumladan, deputat Rasul Kusherbaev ham qizga nisabatan chiqarilgan sud hukmidan norozi bo`lib, ba`zi sabablarni keltirgan edi. Ayni paytda Toshkent shahar sudi tomonidan deputatga munosabat berildi.

Ma`lum qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`atining apellyasiya instansiyasi sudi majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib, sudlanuvchi D. Jumaevaning himoyachisi – advokat D. Jabbarovning iltimosnomasi asosida uning sudlov hay`atiga murojaati tinglanganida, u ish hujjatlarini o`rganib chiqqanida D. Jumaeva hayotda o`z o`rnini topishga harakat qilayotganini, hayotiy tajriba kamligidan jinoyatga qo`l urganini, yoshligini, oliy o`quv yurtiga o`qishga kirganini vaj qilib, engillik berishni so`ragan.

R. Kusherbaev YouTubedagi o`zining chiqishida prokuratura sudlanuvchi D. Jumaevaga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlashni so`ragan bo`lsa-da, sud unga nisbatan og`ir jazo tayinlaganligi haqida keskin fikrlar bildirgan. Biroq prokuratura tomonidan keltirilgan protestda D. Jumaevaga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan jazo tayinlash umuman so`ralmagan, faqatgina D. Jumaevaga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan 66 kun qamoqda saqlangan muddatini chegirib tashlashni va sud hukmini qonunga muvofiqlashtirish so`ralgan (protestning ushbu qismi o`z tasdig`ini topmadi).

Bundan tashqari, apellyasiya instansiyasida ishtirok etgan prokuror ham D. Jumaevaga nisbatan engilroq jazo tayinlashni so`ramagan, sudda aniqlangan holatdan kelib chiqib, D. Jumaevaning harakatlaridan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan e`lon qilingan ayblovni chiqarish masalasini qonun doirasida ko`rib chiqishni so`ragan.

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasining 2022 yil 18 oktyabrdagi ajrimiga ko`ra, hukm o`zgartirilib, D. Jumaevaning harakatlaridan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi chiqarilib (material tarqatmagan, faqat fikr almashganligi sababli), unga Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o`quvdan o`tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo`llab, 4 yil 8 oy yil muddatga, Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan 5 yil muddatga, Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan 5 yil 2 oy muddatga, Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 4 yil 11 oy 26 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bunda, apellyasiya instansiyasi sudi, garchi D. Jumaevaning aybi aniq dalillar bilan isbotlangan va birinchi bosqich sudida aybiga to`liq iqror bo`lgan bo`lsa-da, apellyasiya sudi jarayonida aybi yo`qligini bildirgan holda ko`rsatmalarini o`zgartirib, sudlov hay`ati va prosess ishtirokchilarini chalg`itishga uringan. Ushbu harakatlari bilan aslida jinoiy qilmishlaridan pushaymon emasligi va sodir etilgan jinoyatlarining oqibatini to`liq anglab etmaganini namoyon qilganini e`tiborga olib, shuningdek, u tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib, D. Jumaevaga nisbatan engilroq jazo tayinlash uchun asoslar topmadi, deyiladi munosabatda.

Ma`lumot uchun, Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi 1-qismi sanksiyasida 5 yildan 7 yilgacha, Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi sanksiyasida 5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

”Shu bilan birga, Prezident tashabbusi bilan Suriya lagerlarida bo`lgan xotin-qizlar “Mehr” operasiyalari orqali kechirilib, yurtimizga olib kelingan bir paytda sudda bunday insonparvarlik, bag`rikenglik etishmasligi haqidagi fikrlari ham noo`rin. Chunki, Konstitusiyaning 93-moddasiga muvofiq avf etish vakolati faqatgina O`zbekiston Respublikasining Prezidentiga berilgan. Bunda ham o`sha vaqtda shart qo`yilgan, ya`ni haqiqatdan ham pushaymon bo`lib, O`zbekistonga o`z xohishi bilan qaytadigan shaxslar nazarda tutilgan, lekin D. Jumaeva bilan bog`liq holatda aksincha, uning Suriyaga ketib qolish harakatlari oldi olingan, pushaymonligi chin qo`ngildan emas, faqatgina jazoni engillashtirish maqsadida bildirilmoqda.

Xulosa o`zingizdan, lekin deputat R. Kusherbaevning jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishmasdan va holatni to`liq bilmasdan turib, ijtimoiy tarmoqlar orqali birinchi murojaatida “Toshkent shahar sudi hatto prokuror engillik so`ragan bo`lsa-da (aslida so`ramagan), 18 yoshli qizni telegramdan ta`qiqlangan videoni birovga yuborganligi (bu holat ayblovdan chiqarilgan) uchun 4 yil 3 oyga (aslida 5 yil 2 oy) ozodlikdan mahrum qilganligi”, ikkinchi murojatida esa “prokuror D. Jumaevaga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan engilroq jazo tayinlash haqida protest” kiritganligi (bunday protest kiritilmagan) haqidagi haqiqiy ish holatlariga to`g`ri kelmaydigan ma`lumot bildirib, sud xato qilganligi haqidagi fuqarolarda sudga nisbatan noto`g`ri fikrlar shakllanishi va sudga nisbatan ishonchsizlik tug`ilishiga asos bo`ladigan murojaatlari internet orqali omma oldida sud va sudyalarni obro`sizlantirish, bu bilan fuqarolarda davlat idoralariga qarshi fikrlar uyg`otishga harakat qilayotganligidan dalolat beradi“, - deya qo`shimcha qilingan Toshkent shahar sudi matbuot xizmati “darakchi.uz”ga taqdim etgan ma`lumotda.

    Boshqa yangiliklar