AsosiyJamiyat

Konstitusiyaviy islohotlarda ijtimoiy masalalar: davlat fuqarolar uchun qanday shart-sharoitlarni kafolatlaydi?

'Konstitusiyaviy islohotlarda ijtimoiy masalalar: davlat fuqarolar uchun qanday shart-sharoitlarni kafolatlaydi?'ning rasmi

Mamlakatimizda so`nggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarimizni ishsizlikdan himoya qilish, ularning bandligini ta`minlash, kambag`allikni qisqartirish hamda ayrim sabablarga ko`ra vaqtincha ishsiz bo`lgan yurtdoshlarimizni kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlash borasida davlatimiz tomonidan ijtimoiy yordam va xizmatlar sifatini yaxshilash sohasida juda ko`p ishlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda 2017 yildan boshlab so`nggi besh yil ichida ishsizlarni ijtimoiy himoya qilish tizimida o`ziga xos iqtisodiy mexanizmlar ishlay boshladi. Bu mexanizmlar, avvalo, pandemiya oqibatlarida aholining ayrim qismida yuz bergan vaqtincha ishsizlik natijasida iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan nochor ahvolga tushib qolganlarni qo`llab-quvvatlash, ko`pchilik holatlarda ishsiz ayollarni nafaqat moddiy ta`minlash, balki ularga yangi ish joyi topishida, zarur hollarda kasbiy bilim va malaka darajasini oshirishida bevosita yordam ko`rsatishni ko`zda tutdi.

Olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida yordamga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish borasida qonunda ba`zi bo`shliqlar borligi amaliyotda o`z isbotini topmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda aholining turmush darajasi va daromadlarini oshirish uchun uy xo`jaliklarini taraqqiy ettirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning bandligini ta`minlash, ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishda quyidagi yo`nalishlarga ustuvorlik berish hamda davlat tomonidan kafolatlash maqsadga muvofiq bo`lar edi:

birinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilishning ochiq va shaffof mexanizmini ishlab chiqish;

ikkinchidan, kambag`allik domiga tushib qolgan oilalar, ularning a`zolarini qo`llab-quvvatlash, ijtimoiy yordamga muhtoj aholini ishga joylashtirish jarayonini raqamlashtirish hamda mazkur faoliyatning elektron platformasini ishlab chiqish;

uchinchidan, davlat fuqarolarning bandligini ta`minlash borasida aholining yordamga muhtoj qismi kasbiy malakalarini oshirish, ish beruvchilar talabi bo`yicha ularni qayta o`qitish tizimini huquqiy jihatdan kafolatlash;

to`rtinchidan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan hamda yolg`iz ayollar uchun kafolatlangan ish o`rinlarini joriy qilish maqsadida qisqa muddatli o`quv kurslarini tashkil etish;

beshinchidan, qiyin ahvolga tushib qolgan aholini qo`llab-quvvatlash uchun oilalarda va mahallalarda kasanachilik faoliyatini yanada rivojlantirish.

Xulosa qilib aytganda, “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi konstitusiyaviy qonun loyihasining 37-1-moddasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan “Davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag`allikni qisqartirish choralarini ko`radi. Davlat fuqarolarning bandligini ta`minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etadi va rag`batlantiradi”, degan norma kelajakda davlatning ijtimoiy himoya mexanizmini qonuniy jihatdan yanada mustahkamlashga olib keladi. Bu esa mamlakatimizda ishsizlik va bandlik sohasida muammolarning echilishiga,ishsizlar ijtimoiy himoyasining kuchaytirilishiga, ularning turmush darajasi yaxshilanishiga, daromadlarining oshishiga hamda ish bilan ta`minlanishiga imkoniyat yaratadi.

Nodirjon RASULOV, iqtisod fanlari doktori

    Boshqa yangiliklar