Sariosiyo tumanida 27 yoshli yigitning jasadi kanal qirg`og`idan topilgan. Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, 2022 yil 10 avgust kuni soat 08:00 larda Sariosiyo tumani hududidan oqib o`tuvchi “Hazarbog`” kanali irmog`idan “Jannatmakon” mahallasida yashagan, 1995 yilda tug`ilgan Ibodullaev Akbarjon Ilhom o`g`lining jasadi topilgan.
RSTEIAM Oltinsoy tuman punkti xulosasida ko`rsatilgan ichki tekshiruv natijalarida marhumning ichki a`zolaridagi o`zgarishlar nafas etishmovchiligi natijasida vafot etganligi haqidagi ma`lumotlar keltirilgan bo`lsada, ekspert xulosasining bayonot qismi bilan xulosa qismida nomutanosib holati kuzatilgani sababli marhumning jasadi sud ajrimi asosida 09.09.2022 yilda eksgumasiya qilinib, komission sud tibbiyot ekspertizadan o`tkazilgan.
12.09.2022 yildagi 426-sonli va 14.10.2022 yildagi 84-qo`shimcha komission sud tibbiyot ekspertiza xulosalarida, A.Ibodullaevning o`limi yuqori nafas yo`llari burin, og`iz bo`shlig`ining suyuqlik bilan (suv) berkitilishidan vujudga kelgan mexanik asfiksiya natijasida kelib chiqqani, badanida aniqlangan shilinmalar va jarohatlar xususiyati bo`yicha uning o`limidan so`ng kanal bo`ylab oqishi jarayonida notekis chegaralangan yuzaki jismlarga urilishi natijasida yuzaga kelgani, uning badanida qarshilik ko`rsatish, urish, tepish, janjallashish natijasida kelib chiqqan tan jarohatlari aniqlanmagani, birlamchi xulosada o`lim sababi cho`kishning nafas yo`llarini burun, og`iz bo`shlig`ining suyuqlik (suv) bilan bekilishi natijasidagi spastik (nafas boylamalarining bekilib qolishi) dan vujudga kelgan mexanik asfiksiya oqibatida kelib chiqqani holati inobatga olinmagani sababli tafovvut kelib chiqqani ko`rsatilgan.
Shuningdek, A.Ibodulllaevning o`limi holati yuzasidan dastlabki ekspertiza tekshiruvi yuzasidan xulosa berishda yo`l qo`ygan xato va kamchiliklari uchun Sud-tibbiy ekspert O`.Bo`tayarovga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanilgan.
O`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko`ra, marhumning o`limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmaganligi sababli 17.10.2022 yilda O`zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.