Mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblari, ishbilarmon va akademik doiralar vakillaridan samimiy qutlovlar kelib turibdi. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, O`zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik, doimiy ravnaq hamda farovonlik kabi ezgu istaklar izhor etilgan.
Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Barak Obamaning maktubida shunday deyiladi:
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga
Prezident Janobi Oliylari!
1 sentyabrda nishonlanadigan O`zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Amerika Qo`shma Shtatlari xalqi nomidan Sizga va O`zbekiston xalqiga qizg`in tabriklarimni yo`llayman.
Mamlakatingiz bu tarixiy sanani bayram qilayotgan shu kunlarda biz O`zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo`llab-quvvatlashimizni yana bir bor ta`kidlaymiz. Amerika Qo`shma Shtatlari 1991 yilning 25 dekabrida birinchilardan bo`lib O`zbekiston mustaqilligini tan olgan paytdan boshlab mamlakatlarimiz o`rtasida mustahkam sheriklik munosabatlari o`rnatilgan. Mamlakatlarimizning yanada xavfsiz, farovon va demokratik kelajak yo`lidagi hamkorligi uzoq yillar davom etishiga ishonaman.
Amerika Qo`shma Shtatlari xalqi Sizni mustaqil O`zbekiston tarixidagi ushbu muhim sana bilan muborakbod etadi.
Ehtirom bilan, Barak OBAMA,
Amerika Qo`shma Shtatlari
Prezidenti
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin yo`llagan maktubda shunday qayd etiladi:
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti
Islom Karimov Janobi Oliylariga
Prezident Janobi Oliylari!
O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Xitoy xalqi va shaxsan o`zim nomimdan Siz va do`st O`zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va qizg`in tilaklarimni izhor etaman.
Mustaqillikning 25 yili davomida janob Prezident rahnamoligida O`zbekistonda siyosiy barqarorlik va jadal iqtisodiy taraqqiyot saqlanib, mamlakatning xalqaro nufuzi salmoqli darajada yuksaldi, davlat qurilishi sohasida yorqin muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Amaliyot shuni ko`rsatmoqdaki, janob Prezident tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning «o`zbek modeli» mamlakatdagi real voqeliklarga mos keladi va ulkan hayotiy kuchga egadir.
So`nggi yillarda Xitoy – O`zbekiston munosabatlarida yaxshi rivojlanish tendensiyalari saqlanib turibdi va yangi strategik darajaga erishildi. Xitoy va O`zbekiston aloqalari rivojlanib borayotgani va o`rtamizdagi samimiy do`stlikni yuksak qadrlayman. Xitoy – O`zbekiston munosabatlarida yuksak samaralarga erishish va xalqlarimiz farovonligi yo`lida keng ko`lamli strategik sheriklikni izchil rivojlantirish uchun Siz bilan doimo barcha sa`y-harakatlarni qilishga tayyorman.
Mamlakatingizga ravnaq va yuksak salohiyat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Prezident Janobi Oliylari, Sizga mustahkam sog`lik va ishlaringizda muvaffaqiyat tilab qolaman.
Si SZINPIN,
Xitoy Xalq Respublikasi
Raisi
Shuningdek, quyidagilar o`z tabriklarini yo`llashgan:
Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti – Yoaxim Gauk
Polsha Respublikasi Prezidenti – Andjey Duda
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti – Xalifa bin Zoid Ol Nahayon
Birlashgan Arab Amirliklari Vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi – Muhammad bin Roshid Ol Maktum
Abu-Dabi Valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari bosh qo`mondoni o`rinbosari – Muhammad bin Zoid Ol Nahayon
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti – Abdulaziz Buteflika
Turkmaniston Prezidenti – Gurbanguli Berdimuhamedov
Tojikiston Respublikasi Prezidenti – Imomali Rahmon
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti – Ilhom Aliev
Belarus Respublikasi Prezidenti – Aleksandr Lukashenko
Ukraina Prezidenti – Pyotr Poroshenko
Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti – Muhammad Ashraf G`ani
Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi raisi – Ijrochi kotibi – Sergey Lebedev
Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi – Tolib Rifai
Energetika xartiyasi bosh kotibi – Urban Rusnak
Amerika – O`zbekiston savdo palatasi raisi – Kerolin Lemm,
Amerika – O`zbekiston savdo palatasi prezidenti – Stiven Naderni
“MAKSAM” kompaniyasining prezidenti va ijrochi direktori – Xose Fernando Sanches-Xunko
«Xuavey Teknolodjiz Ko.Ltd» kompaniyasi prezidenti – Jen Chjenfey
“NEK Korporeyshn” kompaniyasi prezidenti – Nobuxiro Endo
Yaponiya tibbiy uskunalar sohasida tashqi texnik ko`mak bo`yicha tashkiloti raisi (OMETA) – Ken`ichi Masumoto
Germaniya – O`zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori, “Doyche Kabel AG Tashkent” qo`shma korxonasi investori – Falk Porshe
“Pikanol” kompaniyasi bosh ijrochi direktori – Lyuk Tak
“Turkiston – Amerika assosiasiyasi” raisi – Abdulla Xo`ja
AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti – Boris Kandov
G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining rektori – Viktor Grishin
Markaziy Osiyo bo`yicha Kembrij forumi raisi – Siddxart Saksena
Konrad Adenauer nomidagi jamg`armaning Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakolatli vakili – Tomas Kunse
Evropa Ittifoqining O`zbekiston Respublikasidagi delegasiyasi rahbari – Yuriy Shterk
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.





