Shu yilning 6-10 sentyabr kunlari Marg`ilonda ikkinchi «Atlas bayrami» festivali bo`lib o`tadi. YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasida o`tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so`z yuritildi, deb xabar bermoqda O`zA.
Tadbir YuNESKO ishlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Badiiy akademiya, «O`zbekturizm» milliy kompaniyasi, «Hunarmand» uyushmasi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, «DVV International» filiali va O`zbekiston oshpazlar uyushmasi tomonidan tashkil etilmoqda.
YuNESKOning O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat, «Hunarmand» uyushmasi raisining o`rinbosari Lutfiya Mirzaeva, «Ucell» kompaniyasining korporativ kommunikasiyalar bo`yicha direktori Rodika Verbenyuk va boshqalar milliy hunarmandlik o`zbek xalqi madaniyatida muhim o`rin tutishini ta`kidladi. Davlatimiz tomonidan hunarmandlarning har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotgani samarasida O`zbekistonning har bir hududiga xos bo`lgan an`analar saqlanmoqda. Prezidentimizning 2010 yil 30 martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san`atini rivojlantirishni yanada qo`llab-quvvatlash to`g`risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.
«Atlas bayrami» festivali milliy hunarmandlikni rivojlantirish va targ`ib qilish, hunarmandlar o`rtasida hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta`minlashga xizmat qilayotir.
Joriy yilda festival dasturi sezilarli ravishda kengaytirildi. Unda mamlakatimizning barcha hududidan ishtirok etadigan hunarmandlar o`z mahoratini namoyish etadi. Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida an`anaviy kashtado`zlik, tabiiy bo`yash, liboslar dizayni bo`yicha mahorat saboqlari tashkil etiladi.
Shuningdek, «O`zbekiston to`qimachiligi va barqaror rivojlanish» mavzusida davra suhbati, «Marg`ilon osmoni ostida» va «Jahon to`qimachiligi: G`arb va Sharq» ko`rgazmalari tashkil etiladi. Festival doirasida «Hunarmandlar shaharchasi» deb nomlangan amaliy san`at buyumlari yarmarkasi, O`zbekiston modelerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi, «Devzira» osh tanlovi ham o`tkaziladi.





