AsosiyJamiyat

Samarqandda EXHTning “Lyublyana tavsiyalari”ga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi

'Samarqandda EXHTning “Lyublyana tavsiyalari”ga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi'ning rasmi

Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmatining xabariga ko`ra, joriy yil 2 noyabr kuni Samarqand shahrida “Turli-tuman jamiyatlar integrasiyasi bo`yicha Lyublyana tavsiyalari va O`zbekistonning millatlararo totuvlik sohasidagi siyosati” mavzuida davra suhbati o`tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda EXHTning Kam sonli millatlar masalalari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatini o`tkazishdan maqsad – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarini turli-tuman jamiyatlar integrasiyasiga yordam beradigan siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish bo`yicha rahbariy tamoyillar va amaliy tavsiyalardan xabardor qilishdir. Binobarin, millatlararo munosabatlar, tinch-totuvlik, o`zaro hurmat, milliy qadriyatlarni rivojlantirish har qanday demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati taraqqiyotining asosiy kafolatlaridandir.

Tadbirni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, EXHTning Kam sonli millatlar masalalari bo`yicha oliy komissari Elchi Kayrat Abdraxmanov va EXHTning O`zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi vakolatxonasining rahbari vazifasini bajaruvchi Sergey Sizov ochib berdi.

A.Saidov O`zbekiston EXHT va uning tuzilmalari bilan boshqa sohalar kabi millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash masalalarida ham yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini ta`kidladi. Bugungi kunda 130 dan ortiq millat va ellat vakillari yashaydigan O`zbekistonda bu masalaga davlat va jamiyatni rivojlantirishning eng dolzarb, strategik masalalaridan biri sifatida qaraladi. Millatlararo, dinlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O`zbekistonda yashaydigan barcha millatlarning manfaatlarini himoya qilish joriy islohotlarning, shuningdek milliy qonunchilikning asosiy yo`nalishlaridan hisoblanadi.

K.Abdraxmanov joriy yil iyun oyida O`zbekistonga tashrifi davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv tashkil etilganligi uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O`zbekistonning integrasiyaga asoslangan siyosatini alohida qayd etar ekan, davlatning yanada izchil rivojlanishi, tashqi va ichki tahdidlarga chidamli bo`lishi hamda integrasiya siyosatiga sarmoya kiritish asnosida turli-tuman jamiyatlar integrasiyasi va milliy madaniyatlar xilma-xilligini qo`llab-quvvatlash muhim ekanini e`tirof etdi. Mazkur davra suhbati “Lyublyana tavsiyalari”ga bag`ishlangani jamiyatning har bir a`zosi bugungi kundagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotning har qaysi jabhasida inklyuziv yondashuvi to`liq ta`minlanishiga xizmat qiladi.

S.Sizovning fikricha, EXHTga a`zo davlatlarning tajribasi shuni ko`rsatadiki, adolatli va mustahkam jamiyat qurish uchun zarur shart – bu yaxshi boshqariladigan integrasiya jarayonidir. Integrasiya jarayonini qo`llab-quvvatlash uchun davlatlar xilma-xillikni hurmat qiladigan jamiyatni yaratishga qaratilgan siyosatni amalga oshirishi kerak. Bunda har bir shaxs, shu jumladan etnik, lingvistik, madaniy yoki diniy guruhlarning barcha a`zolari umumiy va inklyuziv fuqarolik identifikasiyasini yaratish va saqlashga hissa qo`shishi muhimdir.

Davra suhbati doirasida EXHTning 2012 yili Lyublyana shahrida qabul qilingan “Turfa xil jamiyatlarning integrasiyasi bo`yicha Lyublyana tavsiyalari”dan kelib chiqadigan vazifalar va ularning bajarilishi yuzasidan O`zbekistonda millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yo`nalishlari, diniy bag`rikenglikni ta`minlashda millatlararo totuvlikning o`rni, bu boradagi siyosatni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli, islohotlar samaradorligini baholashda ijtimoiy fikrning ahamiyati, integrasiya tamoyillari va siyosati normativ bazasining tarkibiy qismlari, ayrim mamlakatlarning integrasiyalashuv siyosatiga oid eng maqbul amaliyotlari, integrasiyaviy jarayonlardagi ustuvor xususiyatlar hamda qiyinchiliklar xususida qiziqarli fikr-mulohazalar yuritildi.

Anjumanda EXHTning xalqaro ekspertlar jamoasi ham o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etdi. Jumladan, EXHT Kam sonli millatlar masalalari bo`yicha oliy komissarining siyosiy masalalar bo`yicha maslahatchisi Anton Tomsen, Oliy komissarning huquqiy masalalar bo`yicha katta maslahatchisi El`jbeta Kujborska-Paxa va xalqaro ekspert Irene Kausarning chiqishlarini ishtirokchilar katta qiziqish bilan tingladilar.

Davra suhbatida samarali integrasiya tamoyillari, O`zbekistonda millatlararo totuvlik siyosatining asosiy yo`nalishlari, integrasiya siyosatining asosiy elementlari va yo`nalishlari, diniy bag`rikenglikni ta`minlashda millatlararo totuvlikning muhimligi, shuningdek, Estoniyaning muvaffaqiyatli integrasiya amaliyoti kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar