Toshkentda uch nafar shaxs fuqaroning uyiga bostirib kirib, uni urib do`pposlagani tasvirlangan video tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura ma`lumot berdi.
Tezkor-surishtiruv ishlari davomida aniqlanishicha, voqea 2022 yilning 2 noyabr kuni Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida ro`y bergani aniqlangan.
Unga ko`ra, 1993 yilda tug`ilgan fuqaro D.A. buvisidan meros qolgan xonadonga kelgan vaqtida, taxminan, soat 20:30 larda 2000 yilda tug`ilgan A.R. unga qo`ng`iroq qilib, o`zaro suhbat davomida janjallashib qoladi. Shundan so`ng A.R. o`zining tanishlari 1999 yilda tug`ilgan I.M. va 2005 yilda tug`ilgan, maktab o`quvchisi F.K. bilan birga kelib, fuqaro D.A.ning uyiga kirib, uni do`pposlab, so`ngra telefonga olingan videoyozuvni o`zlarining Telegram’dagi kanaliga joylaydi.
Shuningdek, fuqaro D.A. olgan tan jarohatlari oqibatida shifokorga murojaat qilgan.
Mazkur holat yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






