AsosiyJamiyat

Senat saytini buzganlar 14 yoshli o`smirlar bo`lib chiqdi

'Senat saytini buzganlar 14 yoshli o`smirlar bo`lib chiqdi'ning rasmi

Ma`lum bo`lishicha, Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo`lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o`smirlar. Yosh hakerlar bungacha ham bir necha davlat organlari saytlariga, jumladan, Kundalik.com saytiga ham buzib kirishganini tan olishgan.

Hakerlar guruhi o`zini MarshGolden deb nomlaydi. My5 telekanaliga bergan intervyusida jamoa etakchisi kiberhujumlarni 2019 yildan boshlaganini aytadi.

“Saytlarni buzishni 2019 yili Kundalik.com saytidan boshlaganman. U paytlar sayt ancha zaif edi. Unga buzib kirib, baholarimizni to`g`rilaganmiz. O`shandan keyin jamoa yig`ib ish boshlaganmiz”, deydi ismi ochiqlanmagan haker.

Intervyu davomida yosh haker 2 noyabr kuni "Senat.uz" rasmiy saytiga hujumni ham o`zlari uyushtirganini tan olgan. Bu orqali ular mutasaddilarga saytning xavfsizlik tizimidagi zaiflikni ko`rsatib qo`ymoqchi bo`lishgan.

“2 noyabr kuni soat 11:00da saytdagi zaiflik haligacha bartaraf etilmagani sababli xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni ko`rsatib qo`yish maqsadida Senat rasmiy saytiga kiberhujumni amalga oshirdik. Bizda hali kiberxavfsizlik rivojlanmagan, shu sababli dasturchilar saytlarni ishlab chiqayotganda bu narsaga ahamiyat qaratishi kerak. Shuning uchun ham hali O`zbekiston saytlarida zaifliklar ko`p. Agar sharoit yaratib berilsa, bizga qilingan xarajatlarni davlat uchun ishlab qoplardik”, - deydi MarshGolden guruhi etakchisi.

Eslatib o`tamiz, 2 noyabrdagi kiberhujum natijasida Oliy Majlis Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo`lib qolgandi.

Bu vaqtda saytda “Kiberxavfsizlik markaziga salomlar” hamda “sizning tizimingiz [hakerlar guruhining logotipi] tomonidan buzib kirildi” degan yozuv ko`rinib turdi.

Senatning Telegramdagi rasmiy kanalida hakerlar hujumi tufayli Senat.uz saytining ish qobiliyati buzilgani, ayni paytda sayt faoliyatini qayta tiklash choralari ko`rilayotgani ma`lum qilindi.

Senat.uz saytiga kirmoqchi bo`lganlar subdomenga yo`naltirilgandi. Tanzila Norboevaning matbuot kotibi Hojiakbar To`laganov ushbu subdomen Senatning yangicha dizayndagi sayti ekani, kiberhujum ortidan test rejimidagi sayt vaqtincha ishga tushirib qo`yilganini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar