Er sayyorasida havoning issib ketishi xavfli infeksiyalar va kasalliklardan o`lim ko`rsatkichlari ortishiga sabab bo`lyapti

Salomatlik 06.11.2022, 10:51
Er sayyorasida havoning issib ketishi xavfli infeksiyalar va kasalliklardan o`lim ko`rsatkichlari ortishiga sabab bo`lyapti

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbarining BMT mutasaddilari bilan navbatdagi qo`shma bayonoti Global iqlim o`zgarishi muammosiga bag`ishlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda qayd etilishicha, sayyoramizda havo harorati ko`tarilishi turli tabiiy ofatlar bilan birga, xavfli infeksiyalar va kasalliklardan o`lim ko`rsatkichlari ortishiga sabab bo`lyapti. Qolaversa, ocharchilik tufayli ko`plab insonlar hayotdan ko`z yummoqda. 

JSST bosh direktori T. Gebreyesus bu holatga baho berar ekan, iqlim inqirozini salomatlik tanazzuliga qiyosladi. Masalan, Afrika mamlakatlarida global isish oqibatida yuzaga kelgan qurg`oqchilik va suv toshqinlari 47 million kishini ocharchilikka duchor etdi. Ichimlik suvi tanqisligi esa ayrim mintaqalarda vabo epidemiyasining avj olishiga turtki bo`ldi. 

Bundan tashqari, Er yuzida harorat ko`tarilishi okeanlar suvi tarkibida ishqorlar ortishi va isishiga olib keldi. Bu esa ummonlardagi oziq-ovqat uchun yaroqli jonzotlarning qirilib ketishiga sabab bo`lmoqda. O`z navbatida, dunyoda taxminan 222 million kishi oziq-ovqat xavsizligining yuqori darajasidan aziyat chekmoqda. Ular kuniga zo`rg`a bir mahal ovqatlanish qurbiga ega. Yana 45 million odam ocharchilik yoqasida.

 “Bularning barchasi Er kurrasida havo harorati 1,2 daraja ortgani asoratidir, — deydi BMT mutasaddisi. — Ammo vaziyat shunday davom etaversa, bu ko`rsatkich yaqin kelajakda 2 baravar oshishi hech gap emas. O`shanda insoniyat global qurg`oqchilik, toshqinlar va yanada xavfli epidemiyalar bilan ro`baro` kelishi mumkin”. 

Qo`shma bayonotda keltirilishicha, kelasi hafta Misrda bo`lib o`tadigan BMTning iqlim o`zgarishlariga bag`ishlangan konferensiyasida ushbu mavzu kun tartibidagi asosiy masala bo`ladi. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1