AsosiyJamiyat

Toshkentda informatika o`qituvchisi o`quvchining akasi tomonidan kaltaklandi

'Toshkentda informatika o`qituvchisi o`quvchining akasi tomonidan kaltaklandi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 213-maktabning informatika fani o`qituvchisi o`quvchining “akaxonlari” tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar tarqaldi.

Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmatining holat bo`yicha bergan ma`lumotiga ko`ra, voqea joriy yilning 3 noyabr kuni taxminan soat 9.15 larda, ya`ni tanaffus vaqtida sodir bo`lgan.

Shu maktabni 2021 yil tamomlagan, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 2004 yilda tug`ilgan T. M. hamda uning do`sti, shu tumanda istiqomat qiluvchi, 2004 yilda tug`ilgan G`.B. maktabning informatika o`qituvchisi bilan gap talashib, o`qituvchiga tan jarohati etkazib, voqea joyidan qochib ketishgan.

Huquqbuzarlik sodir etgan fuqaro T. M. 213-maktabning 9-sinf o`quvchisi T. Mning akasi ekanligi aniqlangan.

O`qituvchi S.Axmedov, M.T.ga 1-chorakda informatika fanini yaxshi o`zlashtirmaganligi sababli chorak baho qo`ymasligini aytganidan so`ng,  o`qituvchi va o`quvchi o`rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. M.T. ushbu holatni akasiga aytgan. Akasi vaziyatga oydinlik kiritish uchun o`rtog`i bilan maktabga kelib, o`qituvchiga tan jarohati etkazgan.

Ushbu holatdan xabardor bo`lgan maktab rahbari o`sha zahotiyoq  IIOFMB ga xabar bergan.

Ushbu noxush holat bo`yicha hozirgi kunda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar