“Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–414-son, 03.11.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko`ra, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida ta`lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo`lgan xorijiy OTM dasturiga ko`ra shakllantiriladi.
2023/2024 o`quv yilidan quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:
- ️O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar;
- ️Xalqaro toifadagi O`zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega sportchilar;
- ️O`zbekiston sport ustasi yoki O`zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega sportchilar;
- ️Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o`yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo`yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g`olib (1-o`rin) bo`lgan sportchilar.
Jismoniy tarbiya va sport yo`nalishlarida 2023 yil 1 yanvardan Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi.
2023 yil 1 yanvardan “Jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo`yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil qilinadi.






