AsosiyJamiyat

“O`zbekneftgaz”: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy mavsumda 20 ming tup daraxt va buta ko`chatlari ekildi

'“O`zbekneftgaz”: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy mavsumda 20 ming tup daraxt va buta ko`chatlari ekildi'ning rasmi

O`tgan yili O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini puxta tayyorgarlik bilan boshlash tashabbusi ilgari surilgan edi.

Ushbu loyiha doirasida yiliga millionlab daraxt va buta ko`chatlarini ekish va shu orqali hududlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan. Bu haqda “O`zbekneftgaz" AJ axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, davlat rahbari raisligida joriy yilning 11 oktyabr kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yil yakuniga qadar 75 million tup va 2023 yil bahor faslida yana 125 million tup mevali va manzarali ko`chatlar ekish yuzasidan topshiriqlar berildi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta`minlash, qolaversa, daraxt ekish bo`yicha “Dolzarb 40 kunlik” tadbirni amalga oshirish maqsadida “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig`i bilan tizimdagi korxonalarda ko`kalamzorlashtirish ilari jadal suratlarda olib borilmoqda.

“O`zbekneftgaz” AJ tizimida joriy yilning 10 dekabriga qadar daraxt ekish bo`yicha “dolzarb 40 kunlik” e`lon qilingan.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, daraxt ko`chatlari hududlarning iqlim sharoitidan kelib chiqib, bog`lar hosil qilish va ko`kalamzorlashtirishni nazarda tutgan holda tanlab olinmoqda. Bu borada Fanlar Akademiyasi tavsiyasi bilan suvsizlik va kasallikka chidamli gujum, qayrag`och, katalpa, akasiya, zarang, shumtol, tut, jiyda, yong`oq, terak kabi daraxt novdalari ekilishi belgilangan.

Joriy yilning 20 oktyabridan boshlab, to shu kunga qadar tizimdagi boshqarma va korxonalar tomonidan jami 15 633 dona mevali va manzarali daraxt ko`chatlari ekildi.

• Muborak gazni qayta ishlash zavodida – 2973 tup,
• Buxoro neftni qayta ishlash zavodida – 2026 tup,
• Sho`rtan gaz kimyo majmuasida – 2015 tup,
• “UNG Petro” MChJ – 1629 tup,
• “Maxsusenergogaz” AJ – 610 tup,
• Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida – 615 tup,
• "Maroqand neft bazasi" MChJ – 280 tup,
• "Navoiy neft bazasi" MChJ – 238 tup,
• "Taxitash neft bazasi" MChJ - 217 tup ko`chat o`tqazildi.

Yurtimiz bo`ylab davom etayotgan umummilliy loyihada jamiyat xodimlari birdek faol ishtirok etmoqda. Bu tashabbuslari bilan mamlakatimiz atrof-muhit va atmosfera havosining musaffoligini saqlanishiga o`z hissalarini qo`shishmoqda.

Ekilgan daraxtlarni sug`orish va parvarish ishlarini olib borilishi ham alohida nazoratga olingan. Daraxtlar agrotexnik talablar asosida parvarish qilinadi, mineral va organik o`g`itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi.

O`tgan mavsumda mazkur loyiha doirasida “O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tashabbusi bilan Sho`rtan gaz kimyo majmuasi va "Uzbekistan GTL" zavodi hududida 120 gektar maydonda bog` barpo etildi. Mazkur agro uchastkaga 72 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko`chatlari ekilgan edi. Ushbu bog`ni parvarishlash, muhofaza qilishni ta`minlash maqsadida “Sho`rtan yashil makon” MChJ tashkil etildi. Korxona tomonidan shu kunga qadar yana 20 gektar er maydonida "Shangtong" navli pavlovniya barpo etildi. 100 ming dona uzum qalamchalari ekilib, parvarishlanmoqda. Kelgusida dorivor o`simliklarning etishtirish orqali parfyumeriya va farmasevtika uchun xom ashyo mahsulotlari etkazib berishni yo`lga qo`yish rejalashtirilgan.

Eslatib o`tamiz, 2021 yilda “Yashil maqon” loyiha doirasida “O`zbekneftgaz” AJ tomnidan jami reja bo`yicha 191 110 dona ekilishi ko`zda tutilgan bo`lib, amalda esa 198703 dona mevali va manzarali daraxt ko`chatlari ekilgan.

Bundan tashqari, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Sho`rtan gaz kimyo majmuasi hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida suvdan oqilona foydalanish maqsadida 34 500 p/m tomchilatib sug`orish tizimlari o`rnatildi.

    Boshqa yangiliklar