O`zbekistonda 1 milliard 576 million 675 ming so`mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlandi.
Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "O`zyo`linspeksiya" boshqarma boshlig`i Dilshod Oxunjonov ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning o`tgan 9 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 474 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur ko`rsatkich 2021 yilning shu davriga nisbatan 45 foizga oshgan.
Murojaatlarning 133 tasi — avtomobil yo`llaridan foydalanuvchilardan bo`lib, ularning har biri hududiy davlat inspektorlari tomonidan, manfaatdor tomonlarning vakillari ishtirokida ko`rib chiqilgan va natijasi bo`yicha quyidagi tadbirlar amalga oshirilgan.
Unga ko`ra, 61 ta murojaat bo`yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha 80 ta ko`rsatma berilgan. Ko`rsatma talablarini muddatida bartaraf etmagan 5 ta holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo`llash bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan.
Shuningdek, 15 ta holat bo`yicha 1 milliard 576 million 675 ming so`mlik qurilish-montaj ishlarini hisobotdan chiqarish bo`yicha buyurtmachilarga talabnoma kiritilgan.
Sodda qilib aytganda, shuncha miqdorga baholangan, lekin amalda sifatsiz bajarilgan qurilish va ta`mir ishlari pudratchilar tomonidan, ularning o`z mablag`lari hisobidan me`yoriy hujjatlar talablari asosida qayta bajartirilishi belgilangan.
Shu bilan birga, 2 ta holat yuzasidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 147-moddasi (Yo`llarga, yo`l inshootlariga, yo`l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast etkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish) 1-qismi bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
70 ta murojaatga binoan yo`l ob`ektlarining sifat ko`rsatkichlari aniqlanib, mazkur ob`ektlarni endilikdagi ta`mirlash dasturlariga kiritish yuzasidan hokimliklar, avtomobil yo`lini balansida saqlovchi tashkilot hamda tegishli sektor rahbarlariga takliflar kiritilgan.






