AsosiyJamiyat

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Eleonora Dmitrieva vafot etdi

'O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Eleonora Dmitrieva vafot etdi'ning rasmi

O`zbekiston davlat akademik rus drama teatri Etakchi sahna ustasi, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Eleonora Ivanovna Dmitrieva 85 yoshda vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Eleonora Ivanovna 1937 yil 8 mayda Toshkent shahrida tug`ilgan. 1960 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutini tamomlab, M.Gorkiy nomidagi Toshkent rus drama teatri truppasiga qabul qilingan.

U uzoq yillar davom etgan ijodiy faoliyati davomida serqirra ijodkor sifatida ko`plab unutilmas rollarni ijro etdi. Eleonora Ivanovna insoniy his-tuyg`ularni, kechinmalarni, qat`iyatlilik va xarakterning qirralarini etkaza olishdek noyob iste`dod va mahoratga ega edi. Ayniqsa, fransuz dramaturgi Jan-Per Abuning “Oilaviy kechki ovqat” (sahnalashtiruvchi rejissyor B.Hamidov) spektaklidagi oilaning hukmdor, mag`rur va o`tkir uy bekasi obrazi aktrisaning eng yorqin rollaridan biriga aylandi.

“Eleonora Ivanovnani tomoshabinlar yaxshi ko`rishar, uning ishtirokidagi spektakllarga bayramga kelgandek tashrif buyurishar edi. Tashqi ko`rinishi va latofati, noyob iste`dodi bilan har doim tomoshabinni o`ziga jalb etadigan yana bir betakror mahorat egasi, go`zal va nafosatli aktrisa san`at va bu yorug` olamni tark etgani barchamiz uchun qayg`uli hodisadir. Eleonora Ivanovna Dmitrievaning vafoti munosabati bilan Madaniyat vazirligi O`zbekiston davlat akademik rus drama teatri jamoasi hamda aktrisaning oila a`zolariga chuqur hamdardlik izhor etadi”, deyiladi vazirlik ta`ziyasida.

    Boshqa yangiliklar