Qirg`iziston Respublikasi bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov 3 sentyabr kuni O`zbekiston Prezidenti Islom Karimovni dafn etish marosimiga tashrifi doirasida bosh vazir Shavkat Mirziyoev bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg`iziston hukumati matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sooronbay Jeenbekov Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan o`zbek xalqiga Qirg`iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambaev nomidan ta`ziya izhor etdi va O`zbekistonning mustaqillikka erishishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida va xalqaro maydonlarda o`z o`rniga ega bo`lishida Islom Karimovning alohida xizmatlarini e`tirof etdi.
Shavkat Mirziyoev Qirg`iziston Respublikasi Prezidentiga mamlakat va xalq uchun og`ir kunlarda qo`llab-quvvatlagani uchun va Sooronbay Jeenbekovga Islom Karimov bilan vidolashuv marosimida qatnashgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Bosh vazirlar uchrashuv davomida o`zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbollari, transport infratuzilmasi, qishloq xo`jaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi.





