Bundan bir necha yil muqaddam Samarqand shahriga, Prezidentimiz Islom Abdug`anievich o`qigan 21-maktabga borgan edim. Meni, Islom Abdug`anievichning bolalik chog`lari qiziqtirar, “Bo`ladigan bola boshidan ma`lum” iborasini ishlatib, hammani lol qoldiruvchi maqola yozsam derdim.
Maktab Islom Abdug`anievich o`qigan paytlari qanday bo`lsa, o`sha holatda saqlanib qolgan, ko`hna va shinam, stol, stul, doskalar, xonalar o`sha o`sha, hatto Islom Abdug`anievich tutgan kundalik daftarlar, insho daftarlari, tabellar, birinchi sinfdan to yuqori sinfgacha sinfdoshlar bilan tushgan suratlar, vinetkalar, biroz sarg`ayib, yillar nuqsi urganini aytmaganda hammasi gard yuqtirilmay saqlangan edi. Kundalik daftarga qo`yilgan baholar, to`g`risi men umuman kutmagan, meni bu qadar hayratga soladi deb o`ylamagan, ya`ni hammasi “a`lo” – “5” baholar edi. Yillar davomida birorta “4” olmaslik, nazarimda aqlimga sig`masdi.
Hayratimni yashirolmay, “Rostdan ham shunday bo`lganmi?” degan ma`noda maktab direktori Sayyora Malikovaga yuzlandim.
— Bu juda qiziq, — dedi Sayyora opa, — Prezidentimiz maktabni tugatgan 1955 yilda, Samarqand viloyatiga faqat bitta oltin medal kelgan. O`sha oltin medalni Islom Abdug`anievich olganlar. O`sha yili viloyatda o`quvchilar o`rtasida o`tqazilgan olimpiadaning mutloq g`olibi ham Islom Abdug`anievich bo`lganlar. Bundan ham qizig`i, Islom Abdug`anievichni ko`p yillar o`qitgan ustozi, keksa pedagog Halim Abdurahmonov, 1955 yilda Islom Abdug`anievichga topshirgan “Faxriy yorliq” ning orqasiga qoldirgan yozuvdir:
“Men butun umrimni pedagogikaga bag`ishladim. Oltmish yillik faoliyatim davomida minglab bolalarga ustozlik qildim. Ammo shu yillar ichida Islom Karimovday zukko, aqlli, ilmga chanqoq, do`stlarining mehru-muhabbatini qozongan boshqa o`quvchini uchrata olmadim. Islom Karimovga o`ninchi sinfni bitiruv kechasida oltin medal topshirishim, hayotimning eng saodatli daqiqalaridir!”
1955 yilda olimpiadaning mutloq g`olibi bo`lish, “Oltin medal” olish va keksa pedagogning bunday olqishiga sazovor bo`lish – bu juda katta baxt ! – deya so`zlardi Sayyora Malikova.
( Islom Karimovning bolaligi haqidagi hikoyalarimizni davom ettiramiz, iloho joylari jannatdan bo`lsin, u kishi tufayli nimaiki yaxshilik ko`rgan bo`lsak, mukofotlashni Olloh taolodan so`rab qolamiz





