Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi va Xovos transport prokuraturasi hamkorligida yo`l infratuzilmasi ob`ektlarida qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, "Sirdaryo yo`llardan muntazam foydalanish" Unitar Korxonasining sobiq mansabdor shaxslari tomonidan 2018-2021 yillarda avtomobil yo`llarini ta`mirlash uchun ajratilgan byudjet mablag`lari, ishchi xodimlarning ish haqlari va rag`batlantirish pullari - jami 1 mlrd 006 mln 792 ming 703 so`m talon-toroj qilinganligi aniqlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati "darakchi.uz"ga ma`lum qildi.
Natijada holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borildi hamda Unitar Korxonaning sobiq rahbari “X.O.”, sobiq bosh hisobchisi “S.Sh.”, sobiq hisobchisi “X.S.”, sobiq bo`lim boshlig`i “M.Sh.” va yana 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov e`lon qilinib, sud idoralariga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Sayxunobod tuman sudining hukmiga ko`ra, aybdorlarga ozodlikdan mahrum qilish, ahloq tuzatish ishlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa jazo turlari tayinlandi.
Talon-toroj qilingan 1 mlrd. 006 mln. 792 ming 703 so`mdan 767 mln. 753 ming 402 so`mi sud va tergov davrida davlat foydasiga undirildi, qolgan 239 mln. 039 ming 301 so`mi Majburiy ijro byurolariga majburiy tartibda undirish uchun yuborildi.






