Bugun Davlat bojxona qo`mitasi Raisi A.Mavlonov huzurida bo`lib o`tgan navbatdagi xizmat yig`ilishida shaxsan rais tomonidan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramasdan, tizimda hanuzgacha korrupsiyaga qo`l urayotgan xodimlar uchrayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Afsuski, noqonuniy faoliyat bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlarga sharoit yaratgan ayrim xodimlar “mening qilmishimni hech kim ko`rmayapti, hech kim bilmayapti” qabilida ish tutishmoqda. Vaxolanki, ular bojxona organlarining tezkor tuzilmalari tomonidan 5-6 oy davomida tezkor kuzatuvga ostiga olingan edilar.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Oybek” chegara bojxona postida joriy yilning iyun-sentyabr oylarida olib borilgan tezkor o`rganish ishlari natijasida, olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositalarini hujjatlarda go`yoki bo`sh holatda deya ko`rsatgan holda olib chiqilganligiga doir fakt va dalillar aniqlandi.
Yig`ilishda DBQ Raisi mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo`zg`atilganini ma`lum qildi.
“Oybek” chegara bojxona posti boshlig`i o`rinbosari va 3 nafar xodimlari shu kunning o`zida bojxona organlaridan bo`shatildi va tergov organlariga topshirildi.
***
Bugun tungi soat 3.30 da “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona postida aniqlangan tovar-moddiy boyliklarni noqonuniny olib kirishga urinish holati ham yig`ilishda keskin tanqid ostiga olindi. Natijada, mazkur post smena boshlig`i ham bojxona organlaridan bo`shatildi.
Bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan Farg`ona viloyatida aniqlangan navbatdagi salbiy holatda esa tovarlarni “reeksport” qilmasdan, ichki hududda olib qolinishiga sharoit yaratib bergan xodimlar qilmishi tanqid qilindi. Mazkur holatga aloqador “Qo`qon” TIF bojxona postining 1 nafar xodimi bojxona organlaridan bo`shatildi va holatga aloqadar bir qator xodimlar intizomiy jazoga tortildi.
Davlat bojxona xizmati organlarida korrupsiyaga murosasizlik va bu illatga qarshi keskin kurash davom etadi.
15.11.2022 16:37
DBQ Raisi 5 nafar xodimni ishdan bo`shatdi va tergov organlariga topshirdi
