Bu haqda Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishga oid Farmon mazmuni yuzasidan o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi, deya xabar bermoqda Darakchi.uz' muxbiri.
Ma`lum bo`lishicha, farmonda tadbirkorlarga ortiqcha xarajat yoki cheklov sifatida o`rnatilgan bir qator talablarni bekor qilish, shuningdek, qo`shimcha qulayliklarni yaratishga qaratilgan normalar belgilandi.
Xususan, tadbirkorlik sub`ektining ustav fondi kamaytirilayotganda kreditorlarini yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e`lon berish, yangi import avtomobillarini faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari tomonidan sotish, elektr energiyasini shartnomadagi hajmlardan ortiqcha iste`mol qilganlarga elektr energiyasi etkazib berishni to`xtatib qo`yish, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni soliq organlarida alohida hisobga qo`yish kabi talablar bekor qilindi.
Mazkur matbuot anjumanida ishtirok etgan Darakchi.uz' muxbiri Adliya vazirligi mutasaddilaridan elektr energiyasi bilan bog`liq masalaga oydinlik kiritishlarini so`radi.
Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i o`rinbosari Javohir Kulizodaning ma`lum qilishicha, har bir tadbirkorlik sub`ektining har oyda qancha elektr energiyasi iste`moli prognozlashtiriladi.
"Elektr energiyasi ko`proq iste`mol kilinganda avval chora sifatida elektrdan uzib qo`yilgan bo`linsa, endi tadbirkorlar belgilangan meyordan ko`proq elektr energiyasi ishlatsa ham tarmoqdan uzib qo`yilmaydi, biroq to`lovni amalga oshiradi", — deydi Javohir Kulizoda.
Adliya vaziri o`rinbosari Alisher Karimovning qo`shimcha qilishicha, bu munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
"Tadbirkorga o`z vaqtida to`lovni amalga oshirmagani uchun penya yoki boshqa ta`sir choralari qo`llaniladi. Bundan keyingina elektr energiya etkazib beruvchi tashkilotlar tarmoqdan uzib qo`yish bo`yicha sudga murojaat qilishi mumkin bo`ladi. Oddiy qilib aytganda hozirgi kunga qadar limit tugagandan keyin tadbirkorni elektr energiyasidan uzib qo`yishga haqlari bor edi. Endi limitdan ortiq foydalanilsa ham to`lovini to`lab, bemalol foydalanish mumkin. Elektr tarmoqlari korxonasi endi tizimdan uzib qo`yolmaydi. Farmon qabul qilinganidan keyin endi uzilmaydi, bemalol elektr enegriyasidan foydalanish mumkin bo`ladi", — deydi Alisher Karimov.