O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari vakili (ombudsman)ning xabariga ko`ra, Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili Jahongir Valievga Namangan shahar 2-sonli Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internatining sobiq xodimlari ishdan bo`shatilganidan so`ng kompensasiya to`lab berilmaganligidan norozi bo`lib murojaat qilishgan.
Murojaatchilarning yozishicha, joriy yilning iyun oyida mas`ul vazirlik va idoralariga qilgan murojaatlari samara bermagan.
Mintaqaviy vakil tomonidan amaldagi qonunchilik asosida ish tashkil etib, tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda murojaat o`rganildi. Aniqlanishicha, murojaatchilarning roziligi bilan O`zbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 67-moddasi 2-qismida “texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o`zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o`zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi (100-modda ikkinchi qismining 1-bandi) sababli ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan. Lekin, ularga ish qidirish davri uchun to`lab berilishi kerak bo`lgan kompensasiya pullari berilmagan.
Shundan so`ng, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida sudga da`vo arizasi kiritish uchun tegishli ma`lumotlar olish maqsadida ish beruvchi muassasaga so`rovlar kiritildi. E`tiborli jihati shundaki, kompensasiya masalasi sudgacha bormay qisqa muddat ichida ijobiy yakunlandi.
Natijada joriy yilning 3 oktyabr kuni uch nafar murojaat qilgan o`qituvchilar va shu qatorida etmish olti nafar o`qituvchiga jami 213 mln so`mga yaqin kompensasiya pullari to`lab berildi, deyiladi xabarda.






