AsosiyJamiyat

Prezident Evropa Ittifoqi bilan hamkorlikning asosiy yo`nalishlarini ma`lum qildi

'Prezident Evropa Ittifoqi bilan hamkorlikning asosiy yo`nalishlarini ma`lum qildi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev “Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o`zaro bog`liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi birinchi konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo`lladi.

Hurmatli delegasiyalar rahbarlari!

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

“Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o`zaro bog`liqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzuidagi birinchi konferensiyaning barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Tadbirda bevosita ishtirok etayotgan Evropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili Jozep Borrel janoblariga, Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan, Evropada xavfsizlik
va hamkorlik tashkiloti, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Evropa investisiya banki rahbarlariga o`zimning alohida tashakkurimni izhor etishdan mamnunman.

Yaqinda ilk bor bo`lib o`tgan Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi davlat rahbarlari sammiti hamda bugungi xalqaro anjuman tomonlarning strategik hamkorlikka bo`lgan qat`iy intilishini yaqqol namoyon etmoqda. Biz aloqalarimizga katta kuch va shiddat bag`ishlaydigan bu kabi muloqot va uchrashuvlarni muntazam o`tkazib borish zarur, deb hisoblaymiz. 

 

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar va oldindan bashorat qilib bo`lmaydigan turli ziddiyatlar, global siyosiy va iqtisodiy beqarorlik, turli zamonaviy tahdidlar mintaqalar va davlatlar o`rtasidagi hamjihatlik va o`zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishni taqozo qilmoqda.

Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha yangilangan strategiyasi qabul qilingan bo`lsa-da, afsuski, og`ir sinov davri bo`lgan pandemiya tufayli avval belgilab olgan ko`pgina rejalarimiz, evropalik hamkorlarimiz bilan kun tartibidagi eng muhim vazifalarni to`liq amalga oshirdik, deb ayta olmaymiz.

Shu sababli Samarqand shahrida bo`lib o`tayotgan mazkur anjuman Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o`rtasida muloqotlarni faollashtirish, hamkorligimizni amaliy dastur va loyihalar bilan boyitish, mintaqalararo ochiq va samarali aloqalar tizimini shakllantirish, ko`p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan g`oyat ahamiyatlidir.

Biz jadal rivojlanib borayotgan ikki muhim mintaqaning o`zaro aloqalarini kuchaytirish, “Global darvoza” tashabbusini to`liq ro`yobga chiqarish maqsadida ustuvor yo`nalishlar – raqamli transformasiya, transport sohasidagi o`zaro bog`liqlik va “yashil o`sish” loyihalariga alohida e`tibor berish lozim, deb hisoblaymiz.

Avvalambor, Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning raqamli transformasiya borasidagi ulkan salohiyatidan o`zaro manfaatli hamkorlik va inklyuziv rivojlanish yo`lida unumli foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Biz Evropa Ittifoqining mintaqamizni bog`laydigan keng optik tolali yo`laklar barpo etish, boshqaruv va ijtimoiy soha, sanoat, sog`liqni saqlash, ta`lim, moliya va qishloq xo`jaligida raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan reja va dasturlarini qo`llab-quvvatlaymiz.

Bundan tashqari, jahon bozorlariga chiqish, global integrasiya va hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etish uchun transport yo`nalishlarini diversifikasiya qilish mintaqamizning barcha mamlakatlari uchun birdek dolzarb vazifa hisoblanadi.

Bu borada Evropa Ittifoqining qator tashabbuslari mintaqalarimiz o`rtasida eng maqbul va samarali tranzit va logistika infratuzilmalarini yaratishga xizmat qilishiga aminmiz.

Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish orqali Evropa qit`asining Osiyo bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada chuqurlashtirishga, Markaziy Osiyo mamlakatlarini esa tashqi bozorlarga eng qulay transport yo`laklari vositasida chiqishiga katta hissa qo`shadi.

Shuningdek, Evropa Ittifoqi “yashil rivojlanish” bo`yicha bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi.

Mintaqamizda energiyani samarali sarflaydigan va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, “aqlli qishloq xo`jaligi”ni rivojlantirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari imkoniyatlarini to`liq ishga solishda biz albatta, vakillari bu erda to`plangan barcha Evropa davlatlarining eng ilg`or va zamonaviy tajribasiga tayanamiz.

Hech shubhasiz, iqlim o`zgarishi oqibatlarini yumshatish, inklyuziv “yashil o`sish”ga o`tish, suvdan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta`minlash bundan keyin ham ko`p tomonlama hamkorligimizning ustuvor yo`nalishlari bo`lib qoladi.

Shu ma`noda, atrof-muhit va suv resurslari bo`yicha kelgusi yili Rim shahrida bo`lib o`tadigan “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasi ushbu yo`nalishda aniq amaliy natijalarga erishishga imkon yaratishiga ishonamiz.

        

Hurmatli tadbir qatnashchilari!

Markaziy Osiyo va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo`lida olib borayotgan birgalikdagi qat`iy sa`y-harkatlarimiz albatta o`z ijobiy natijasini beradi.

“Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi” formatidagi mazkur platforma muntazam tus olib, uning sessiyalarida hamkorligimizning dolzarb mavzulari bo`yicha samarali muhokamalar o`tkaziladi, mintaqaviy aloqalarimizga daxldor umumiy yondashuvlar va ko`p tomonlama dasturiy hujjatlar ishlab chiqiladi, degan umiddaman.

Ushbu barcha dolzarb masalalar, erishiladigan kelishuv va aniq loyihalar bugun qabul qilinayotgan Samarqand deklarasiyasida hamda tasdiqlanadigan keng qamrovli “yo`l xaritasi”da o`zining batafsil ifodasini topadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, siz, azizlarga – konferensiyaning barcha ishtirokchilariga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

    Boshqa yangiliklar