AsosiyJamiyat

Senat Kampir Obod suv ombori to`g`risidagi shartnomani ma`qulladi

'Senat Kampir Obod suv ombori to`g`risidagi shartnomani ma`qulladi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`ttiz beshinchi yalpi majlisida 2022 yil 18 noyabr kuni senatorlar O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi muhim ikki tomonlama shartnomalarni ratifikasiya qilish to`g`risidagi qonunlarni ko`rib chiqdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.

Ma`lum qilinishicha, yalpi majlisda senatorlar «O`zbekiston Respublikasi bilan Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida o`zbek-qirg`iz davlat chegarasining alohida uchastkalari to`g`risidagi shartnomani ratifikasiya qilish haqida»gi hamda «O`zbekiston Respublikasi hukumati bilan Qirg`iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o`rtasida Andijon (Kampir Obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to`g`risidagi bitimni ratifikasiya qilish haqida»gi qonunlarni muhokama qilgan.

Senatorlar davlat chegarasi bilan bog`liq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakat milliy xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi.

Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o`zaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi ta`kidlandi.

Muhokama yakunlari bo`yicha Senat mazkur qonunlarni ma`qullash to`g`risida qarorlar qabul qildi.

    Boshqa yangiliklar