O`zbekiston Prezidentining «To`maris» ko`krak nishonini ta`sis etish to`g`risida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda qayd etilganidek, qadimdan ayol oilani, jamiyatni jipslashtirish, farzand dunyoga keltirish, jamiyat, davlat hayotida faollik, tashabbuskorlik ko`rsatish, onalik va bolalik muhofazasiga mas`ul bo`lish hamda sog`lom va barkamol avlodni voyaga etkazish, ularni vatanparvarlik, istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, milliy qadriyatlarimizni keng targ`ib etish timsoli sifatida ulug`lanadi.
Ta`kidlash kerakki, milliy armiyamizning nufuzi va jangovar qudrati yuksalishida erkak harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda elkama-elka xizmat qilayotgan ayol harbiy xizmatchilarning mehnati beqiyos.
Qarorda qayd etilganidek, O`zbekiston mudofaa qudratini yuksaltirish, jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrash, munosib hissa qo`shayotgan ayol harbiy xizmatchilarni qo`llab-quvvatlash maqsadida «To`maris» ko`krak nishoni ta`sis etildi.
Davlatimiz rahbari qarori bilan «To`maris» ko`krak nishoni to`g`risidagi nizom va «To`maris» ko`krak nishoni, uning guvohnomasi tasdiqlandi.
Hujjatga ko`ra, O`zbekiston Markaziy bankining «Davlat belgisi» davlat unitar korxonasi tegishli vazirlik va idoralarning buyurtmalariga asosan «To`maris» ko`krak nishoni va uning guvohnomasini belgilangan tartibda tayyorlaydi.
Qarorga muvofiq, «To`maris» ko`krak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bog`liq xarajatlar byudjet mablag`lari, byudjetdan tashqari mablag`lar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Ko`krak nishoni vazirlik va idoralar rahbarlari (yoki ularning topshirig`iga muvofiq, boshqa mas`ul shaxslar) tomonidan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.






