2016 yil 8 sentyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari, taklif etilgan Vazirlar Mahkamasi a`zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi. Bu xaqda O`zA xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`shma majlisida “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni vaqtincha yuklash to`g`risida”gi masala ko`rib chiqildi.
Qo`shma majlis davomida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo`ldoshev O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko`p yillik tajribasini, aholi o`rtasidagi hurmat-e`tiborini inobatga olgan holda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to`g`risidagi taklif bilan murojaat qildi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo`ldoshevning mazkur taklifi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma`qullanganligi ma`lumot uchun qabul qilindi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, deputatlar va senatorlar hozirgi sharoitda barqarorlikni saqlash, jamoat xavfsizligini va huquq-tartibotni ta`minlash, mamlakatni rivojlantirishning eng muhim siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini samarali hal etish zarurligini e`tiborga olib, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo`ldoshevning taklifini qo`llab-quvvatladilar.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarishni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoev zimmasiga vaqtincha yuklash to`g`risida qo`shma qaror qabul qildi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida»gi Qonunga to`liq muvofiq holda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o`tkazilishini tashkil etish tavsiya qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo`shma majlisi shu bilan o`z ishini yakunladi.
08.09.2016 12:53





