Kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, DXXning Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Respublika bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, qozog`istonlik narkokur`erlar tomonidan Navoiy viloyatining Uchquduq tumani Qizilqum cho`li hududiga xufiyona tarzda ko`mib ketilgan 12 000 dona “Tramadol” dori vositalari borligi aniqlandi hamda prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur dori vositalarining haqiqiy egasini aniqlash maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, To`rtko`l tumanida yashovchi, 1988 y.t., muqaddam sudlangan shaxs qo`lga olindi.
Shuningdek, DXX va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o`tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda Zangiota tumanida yashovchi, 1987 y.t. tish shifokori Olmazor tumanida joylashgan o`zining xususiy klinikasida 1960 dona “Regapen” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi.
DXXning Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Farg`ona-Qo`qon” yo`nalishida harakatlanib ketayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Oltiariq tumani hududida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Qo`qon shahrida yashovchi, 1989 y.t., muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsga tegishli 2803 dona “Regapen” va 1000 dona “Tropikamid” borligi ma`lum bo`ldi.
O`z navbatida u kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini Farg`ona tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqarodan 50 mln. so`mga sotib olganligi aniqlanib, u ham qo`lga olindi.
Farg`ona tumanida yashovchi, 1998 y.t. fuqaroning xonadoni ko`zdan kechirilganda, unda 1050 dona “Regapen” va 101 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Ta`kidlash lozimki, yuqorida keltirilgan barcha kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari mamlakatimizga Qirg`iziston Respublikasidan noqonuniy yo`llar bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






