Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan “Chuqursoy” bojxona postida navbatdagi qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga boshqarma Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Unga ko`ra, siz tasvirlarda ko`rib turgan xorijdan keltirilgan mana bu transport vositasi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o`tkaziladi.
Ekrin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklarasiyasi, unga tegishli hujjatlar va transport vositasi ko`rikdan o`tkazilganida, hujjatlarda mazkur transport vositasi 2015 yilda ishlab chiqarilgan deya ko`rsatilgan bo`lsada, biroq olib borilgan tekshiruvlar hamda o`tkazilgan ekspertiza natijalariga ko`ra, mazkur transport vositasi 2014 yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlandi.
Natijada, bojxona rasmiylashtiruvida ushbu transport vositasiga nisbatan qo`llanilgan 515 mln. so`mlik imtiyozlar bekor qilindi.
Ma`lumot o`rnida aytish joizki, 2025 yil 1 yanvarga qadar yuk tashish uchun mo`ljallangan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan belgilangan turdagi transport vositalarini import qilishda bojxona boji, utilizasiya hamda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig`imlar nol stavkada qo`llaniladi.
Yuqoridagi holatda transport vositasi egasi uddaburonlik bilan bojxona to`lovlarini to`lashdan qochishga uringan.
Navbatdagi holatda, xorijdan yuk konteyneridakeltirilgan va bojxona rasmiylashtiruvida davomida avtomatik tarzda “qizil” yo`lakka yo`naltirilgan 2 turdagi sintetik va to`qimachilik matotovarlari bojxona ko`rigidan o`tkazildi.
Natijada o`tkazilgan bojxona ko`rigida davomida salkam 6.5 tonna matolar hujjatlarda ko`rsatilmaganligi, shuningdek bojxona yuk deklarasiyasida ko`rsatilganidan ortiqcha miqdorda ekanligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra mazkur tovarlarning umumiy qiymati 1,8 mlrd. so`mni tashkil etmoqda.
Agarda tadbirkor mazkur tovarlarni qonuniy yo`l orqali olib kirganida 160 mln. so`m miqdorida bojxona to`lovlari davlat byudjetiga undirilar edi.
Navbatdagi holatda esa, xorijdan keltirilganyuklar bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, yuk konteynerida hujjatlarda qayd etilmagan 13 turdagi tibbiy texnika buyumlari borligi aniqlandi.
Mazkur tovarlarning qiymati 1 mlrd. 633 mln. so`mni tashkil etadi.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, “Chuqursoy” bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o`tgan davri mobaynida 434 ta holatda 22 mlrd. 866 mln. so`mlik tovar-moddiy boyliklarning yurtimiz hududiga noqonuniy olib kirishlishiga chek qo`yilgan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






