AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda 11 ta arxeologik ob`ektga 6 mlrd so`mga yaqin zarar etkazilgani aniqlandi

'Qashqadaryoda 11 ta arxeologik ob`ektga 6 mlrd so`mga yaqin zarar etkazilgani aniqlandi'ning rasmi

Bosh prokuratura tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan madaniy meros ob`ektlarining saqlanishi, tiklanishi, ta`mirlanishi ahvoli o`rganildi.

Viloyatda joylashgan 1468 ta madaniy meros ob`ektlari tanlov asosida bevosita joyida o`rganilganda, 500 dan ziyod madaniy meros meros ob`ektlaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`yilgani aniqlandi.

Shuningdek, 11 ta arxeologiya merosi ob`ektlariga 6 mlrd so`mga yaqin zararlar etkazilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Jumladan, Qarshi tumanida joylashgan V-VIII asrlarga oid “Do`ngtepa”, “Nomsiztepa” va “Avliyotepa” arxeologiya merosi ob`ektlari qisman buzilishi oqibatida ob`ektlarga 1 mlrd. 488 mln. so`mlik zarar etkazilgan.

Bundan tashqari, o`rganishda madaniy meros ob`ektlariga noqonuniy o`rnatilgan 5 ta tashqi reklama bannerlari olib tashlanishi, ijara shartnomasi tuzmasdan madaniy meros ob`ektidan foydalanib kelayotgan 10 nafar tadbirkorning faoliyati qonuniylashtirilishi, 11 ta madaniy meros ob`ektlaridagi noqonuniy qurilmalar buzib tashlanishi ta`minlandi hamda 37 nafar shaxslar ma`muriy javobgarlikka tortildi va sudlarga 7 ta ariza kiritildi.

Nazorat tadbirlari boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar