Yuqori Chirchiq tumanida Qishloq xo`jaligi vazirligi, O`zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, Xalqaro taraqqiyot va tiklanish banki hamda Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasi hamkorligida “O`zbekiston qishloq xo`jaligi modernizasiyasi” loyihasi doirasida trening tashkil etildi. Bu haqda “Agrar soha ayollari” uyushmasi Axborot xizmati xabar berdi.
“Mazkur seminar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash hamda yangi ish o`rinlari yaratish, bandlikni ta`minlash va ushbu yo`nalishda yuqori daromad topish orqali qishloq aholisi, birinchi navbatda ayollar va yoshlarning turmush darajasini oshirishni nazarda tutadi. Tomorqa xo`jaliklarini tashkil qilish va boshqarishda ko`nikmalarni oshirish, yangi texnologiyalarni o`zlashtirish, ularni amaliyotga joriy qilish va yangi, yuqori rentabelli urug` va ko`chatlardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi O`zbekiston Agrar soha ayollari uyushmasi raisi Adiba Ahmedjonova.
O`quv seminari davomida ishtirokchilar etakchi fermer xo`jaliklari faoliyati bilan tanishishdi va ularga zarur tavsiyalar berildi, deyiladi xabarda.






