Bosh prokuratura akademiyasi qoshida O`zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi. Bu bo`yicha prezidentning "Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida"gi farmoni qabul qilindi.
Belgilanishicha, Toshkent davlat yuridik universitetining ixtisoslashtirilgan filialini tugatiladi hamda uning shtat birliklari, o`quv va moddiy-texnika bazasini Akademiyaga o`tkaziladi.
Akademiyada 2023-2024-o`quv yilidan boshlab tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida oliy ta`limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura bo`yicha to`laqonli o`quv jarayoni tashkil etiladi.
Ma`lum qilinishicha, tergov faoliyati yo`nalishidagi har yilgi qabul kvotalari bakalavriat dasturi bo`yicha – 250 nafargacha talaba, magistratura dasturi bo`yicha – 50 nafargacha oliy yuridik ma`lumotli vakolatli davlat organlari xodimlaridan iborat bo`ladi.
Shuningdek, akademiyada ta`lim olish muddati bakalavriat dasturi bo`yicha – 3 yilni, tergov faoliyati yo`nalishidagi magistratura dasturi bo`yicha – 1 yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik ta`limning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplomlar beriladi.
Ta`lim muassasida o`qitish davlat grantlari va to`lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Akademiyaning tergov faoliyati yo`nalishi bo`yicha bitiruvchilari vakolatli davlat organlariga xizmatga (harbiy xizmatga) qabul qilinganda faqat ofiserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko`zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.
Shu bilan birga, davlat grantlari asosida o`qishni tamomlagan Akademiya bakalavriatining bitiruvchilariga vakolatli davlat organlarida kamida 3 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.
“Akademiyaga O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan boshliq rahbarlik qiladi, uning maqomi, transport hamda tibbiy ta`minoti shartlari oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari rahbarlari bilan tenglashtiriladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tergov faoliyati yo`nalishi bo`yicha magistraturaga kunduzgi shaklda o`qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek, boshqa mutaxassisliklar bo`yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o`qishga qabul qilingan prokuratura organlari xodimlarini o`qitish bepul asosda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va o`rtacha oylik ish haqi o`qish davri mobaynida saqlab qolinadi.