Toshkent shahridagi maktablardan birining o`quvchilari va do`kon sotuvchilari o`rtasida mushtlashuv sodir bo`ldi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Mirobod tumanida maktab o`quvchilari do`kon sotuvchilari tomonidan kaltaklangani aytilgan video tarqaldi.
Ma`lum qilinishicha, 26 noyabr kuni taxminan soat 14:00 larda 17 yoshli 4 nafar maktab o`quvchisi (A.D., M.A., X.K., M.V.) Mirobod tumani Yangi Qo`yliq ko`chasida joylashgan do`konlardan biriga kirib, sotuvchi yordamchisi 2005 yilda tug`ilgan Sh.L. va uning tanishlari 2004 yilda tug`ilgan S.H. hamda 2005 yilda tug`ilgan S.H. bilan o`zaro gap talashib qolgan. So`ngra ular do`kondan chiqib, Quyliq 4-mavzesidagi ko`p qavatli uylar oldiga borib o`zaro janjallashgan.
Janjal oqibatida ikki nafar voyaga etmagan X.K. va M.V. tan jarohati olib kasalxonaga murojaat qilgan, hozirda ularning ahvoli qoniqarli.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda. Natijasi bo`yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.






