1

Toshkentda 170 ta "mini-poliklinika"lar ish boshlaydi

Jamiyat 29.11.2022, 14:57
Toshkentda 170 ta "mini-poliklinika"lar ish boshlaydi

️Sog`liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tibbiyotni har bir xonadongacha yaqinlashtirish, aholi orasida sog`lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish, jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan loyihani ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

️ “Toshkent tajribasi”  loyihasi doirasida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 10 800 ta ko`p qavatli uy joylashgan mahallalar hududida 170 ta mahalla tibbiyot punktini barpo etish va 540 ming nafar aholiga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsad qilingan.

—  Mazkur loyihaga Yunusobod tumani tajribasi asos qilib olindi, — deydi Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari Anvar Alimov. — Tumanning Sobirobod mahallasida o`rnatilgan tibbiy konteynerda ish olib borayotgan mahalla tibbiyot punkti faoliyatini ko`rib chiqdik. Aholi bu tashabbusdan minnatdor.  Bu “mini-poliklinikada” bitta tibbiy brigada faoliyat olib boryapti.  

Ta`kidlanishicha, tibbiy konteyner barcha zarur dori-darmonlar, kerakli tibbiy buyumlar, jumladan, EKG va kislorod balloni kabi uskunalar bilan jihozlangan. Ikkita koykali, soat 8:00dan 20:00 gacha ishlovchi “kunduzgi stasionar” ega “kichik shifoxona”da umumiy amaliyot shifokori va 2 nafar hamshira aholiga mobil tibbiy xizmat ko`rsatadi.  

S️SV bunday mahalla tibbiyot punktlari dispanser nazoratida turgan qariyalar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishda umumiy amaliyot shifokoriga katta engillik berishini qayd etmoqda. Aholi oddiy ko`riklar uchun ham poliklinikaga qatnash ovoragarchiliklaridan xalos qiladi.

 Loyiha doirasida yil oxiriga qadar 40 ta konteyner jihozlanib poytaxtdagi 12 ta ko`p tarmoqli poliklinika va 70 ta oilaviy poliklinika ixtiyoriga topshiriladi.  

Ular poytaxtning aholi gavjum bo`lgan ko`p qavatli uylari yoniga o`rnatilishi mo`ljallangan. Kelgusi olti oyda esa 170 ta ana shunday mahalla tibbiyot punkti poytaxt aholisiga xizmat ko`rsatadi.

Poytaxtda pilot tarzida amalga oshiriladigan loyiha olti oydan so`ng, natijalari tahlil qilingan holda, mamlakatimizning boshqa hududlariga tatbiq etiladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1