Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 28 noyabr kungi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to`g`risida”gi Farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.
Farmon bilan Respublikada 3 ta tergov va 5 ta surishtiruv organlaridagi surishtiruvchi va tergovchilarni tayyorlash va malakasini oshirish orqali kasbga yo`naltirishning “Turli tizim – yagona yondashuv” tamoyiliga asoslangan muvofiqlashtirilgan tizimi yo`lga qo`yilmoqda.
Mazkur Farmonning eng muhim jihatlari sifatida quyidagilarni sanab o`tish mumkin:
1. Aynan tergov va surishtiruv organlari uchun tor ixtisoslikdagi kadrlarni tayyorlaydigan ta`lim muassasasi bo`lmaganligi sababli bu boradagi ehtiyojni ta`minlash maqsadida Akademiyada tergovchilarni tayyorlashning ikki bosqichli (bakalavriat va magistratura) tizimi joriy etilmoqda.
E`tiborli jihati, Akademiya bakalavriatiga qabul qilishda abiturientlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta`lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
Ehtimol barchada “boshqa ta`lim muassasalari ham huquqshunos tayyorlaydi, tergovchilarni alohida tayyorlashga ehtiyoj bormikan” degan savol tug`ilishi, tabiiy.
To`g`ri, boshqa yuridik ta`lim muassasalari ham bu yo`nalishda kadrlar tayyorlaydi, biroq mazkur ta`lim muassasalarida yurisprudensiyaning barcha sohalarini o`rgatishga e`tibor qaratilib, bevosita tergov faoliyatiga taalluqli masalalarga kam vaqt ajratiladi, ayniqsa nafaqat nazariyachilar, shu bilan birga professional amaliyotchilar tomonidan ham tergovning sir-asrorlari o`rgatilishi ochiqligicha qolib ketgan.
Tashkil etilgan Akademiyadagi o`quv jarayoni esa, bir tarafdan ta`limning amaliyot bilan uyg`unligini ta`minlasa, boshqa tarafdan tergovchi lavozimiga tayinlangan yosh kadrlarning ushbu kasbning nozik jihatlarini o`rganish uchun yana bir necha yillarning sarflanishini oldini oladi.
2. Akademiyada tergovchi va surishtiruvchilarni kasbiy qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona va majburiy tizimi joriy etilmoqda.
Xususan, yangi tartibga ko`ra birinchi marotaba surishtiruvchi yoki tergovchi lavozimlariga tayinlangan yosh kadrlar Akademiyada majburiy kasbiy qayta tayyorlash kurslarida tahsil oladi.
Shuningdek, barcha surishtiruvchi va tergovchilar har 3 yilda kamida bir marotaba Akademiyada o`z malakasini oshiradi.
Mazkur mexanizmlar esa hududlarda turli organlar tergovchilarining yagona amaliyot asosida ish olib borishlarini ta`minlaydi.
3. Tashkil etilgan Akademiyaga nafaqat kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida vazifalar, shu bilan birga huquqni muhofaza qilish faoliyati muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish, korrupsiyaga qarshi kurashish, raqamli kriminalistika va boshqa sohalarni ilmiy-uslubiy ta`minlash vazifalari ham yuklatilgan.
Yana bir muhim masala. Farmon bilan, Akademiyaning samarali faoliyat yuritishi va rivojlanishiga ko`maklashish maqsadida Bosh prokuror, DXX raisi, ichki ishlar vaziri va boshqa mas`ul lavozimdagi xodimlardan iborat tarkibda Muvofiqlashtirish-vasiylik kengashi tuzilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu tizim jinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshirish va bu borada malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.






