Buxoro viloyati Vobkent tumanida 1985 yilda tug`ilgan fuqaro H.Q.ning IIB binosida vafot etgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati holat yuzasidan ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 28 noyabr kuni Buxoro shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tergov guruhi yurituvida bo`lgan O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha, guvoh tariqasida jalb etilgan fuqaro Q.H. soat taxminan 15.00larda Buxoro shahar 4-son IIBga jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish uchun kelib, lekin tergovchi xizmat vazifasi bilan boshqa joyda bo`lganligi sababli, IIB binosiga kirmasdan, qaytib ketgan.
Fuqaroni IIB binosiga kirmasdan ketgan holati videotasvirga muhrlangan.
Shundan so`ng fuqaro Q.H. 80 Z 015 OA D/R “Matiz” taksi avtomashinasini to`xtatib, uni Buxoro shahridagi “Fayziobod” jom`e masjidiga olib borishini so`ragan. Yo`lda, fuqaro Q.Hning sog`lig`i yomonlashib, og`zidan ko`pik chiqib, xushini yo`qotgan. Haydovchi xushsiz yo`lovchini tezkorlik bilan Buxoro shahar kasalxonasiga etkazgan.
Ko`rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan fuqaro Q.H. shu kuni soat taxminan 21.00larda kasalxonaning jonlantirish bo`limida vafot etgan. Sud-tibbiyot ekspertizasining birlamchi xulosasiga ko`ra o`lim “Tutqanoq sindromi, o`pka va miyaga kislorod o`tkir etishmovchiligi” oqibatida yuz bergan. Tekshiruv jarayonida murdani badanida hech qanday tan jarohatlari aniqlanmagan.
Holat Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan o`rganilmoqda.






