Turkiyadan O`zbekistonga birinchi marta yo`nalishi tashkil etilgan ilk yuk poezdi Toshkentga etib keldi. Tantanali marosimida "O`zbekiston temir yo`llari" AJ boshqaruvi raisi X.Xasilov, Turkiya Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar hamda Turkiya temir yo`llari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda zamon sayti xabar berdi.
2022 yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo`lib o`tgan TDT prezidentlarining sammiti doirasida yangi transport tranzit koridorlarini yo`lga qo`yish va rivojlantirish bo`yicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuv natijasida Toshkentga Turkiyaning Izmir shahridagi “Gumruh” stansiyasidan 40 ta vagondan iborat birinchi yuk poezdi etib keldi.
Qayd etish joizki, ushbu poezd “Turkiya – Eron – Turkmaniston – O`zbekiston” yo`nalishida dastlabki yuk poezdi hisoblanadi. Hozirda ushbu yo`nalish bo`yicha yana 250 dan ortiq vagon kelishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashkil qilingan yo`nalish katta rivojlanish salohiyatiga ega bo`lib, O`zbekiston yuklarini xalqaro yo`nalishlarda tashish uchun qo`shimcha yo`nalish hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun O`zbekistondan Turkiyaga eksport yuklarini jo`natishda hamda import yuklarini olib kelishda eng tez va qulay yo`nalishlardan biridir.
Ushbu amalga oshirilayotgan ishlar mintaqadagi mavjud transport-kommunikasiya tarmoqlari va infratuzilmasidan samarali foydalanishga, shuningdek, tashqi savdo yuklarini asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga tashish uchun vaqt va moliyaviy xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirishga imkon beradi.