Bugun, 13 dekabr kuni Farg`ona viloyatida, jinoyat ishlari bo`yicha O`zbekiston tuman sudida bloger Olimjon Haydarovga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Olimjon Haydarov Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 201-moddasi (yig`ilishlar, mitinglar, ko`cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o`tkazish tartibini buzish) 1-qismi va 202-2-moddasi (yolg`on axborot tarqatish) 2-qismida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblandi.
Sud qarori bilan bloger yuqorida moddalarda nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga bir necha huquqbuzarlik uchun ma`muriy jazo qo`llash tartibida BHMning 70 baravari – 21 mln so`m miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan Olimjon Haydarov sud hukmidan norozi ekanini bildirib, yuqori turuvchi sudga appelyasiya shikoyati berishini ma`lum qildi.
O`tgan haftalarda havo harorati sovib ketgach, xonadonlar va ijtimoiy ob`ektlarga ustuvorlik berish maqsadida sanoat korxonalari tabiiy gazdan uzilgan edi. Haydarov O`zbekiston tumanidagi korxonalar gazdan uzilishi oqibatida “10 minglab aholi” ishsiz qolayotgani, ular qatorida bo`lgan “Albus” gips zavodi ishchilari gaz ulab berilishini so`rab, ko`chaga chiqishayotgan haqida 6 dekabr kuni video tarqatgan.






