AsosiyJamiyat

Farg`ona vodiysidagi bir nechta xalqaro aeroportlar faoliyati vaqtincha cheklandi

'Farg`ona vodiysidagi bir nechta xalqaro aeroportlar faoliyati vaqtincha cheklandi'ning rasmi

Qalin tuman va ko`rish chegarasining pastligi bir nechta xalqaro aeroportlarda samolyotlarni qabul qilish va jo`natishlar kechiktirilishiga sabab bo`ldi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar qildi. 

Xususan, manzil aeroportidagi noqulay ob-havo tufayli “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY87 (Urganch — Farg`ona) reysi Urganch aeroportida ushlab qolindi. 73 yo`lovchisi bo`lgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 09:35 da uchishi lozim edi.

Ko`rish chegarasi 25 metrdan kam bo`lganligi sababli HY71/72, HY84 (Farg`ona — Samarqand, Farg`ona — Toshkent) reyslari bekor qilindi. Shuningdek, "Farg`ona" aeroporti Sankt-Peterburgdan uchgan samolyotni qabul qila olmadi va bort "Toshkent" aeroportiga yo`naltirildi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY9628/9627 (Toshkent — Farg`ona — Moskva) va HY081 (Toshkent — Farg`ona) yo`nalishidagi reyslari uchish vaqti o`zgartirildi.

Quyuq tuman (ko`rish — 300 metr) HY622 (Moskva — Andijon) reysi uchish aeroportida bir necha soatga kechiktirilishiga sabab bo`ldi. Xozirda samolyot kutish zonasiga yo`naltirildi va muqobil aerodromga jo`nab ketadi.

Shuningdek, noqulay ob-havo sharoiti tufayli Namangan aeroportida bir qator reyslar qoldirilgan. Beqaror ob-havo tufayli aeroport vaqti-vaqti bilan samolyotlarni qabul qilish va jo`natishlarni cheklashga majbur bo`lmoqda.

Farg`ona, Andijon va Namangan xalqaro aeroportlarida yaqin orada ob-havo sharoiti yaxshilanishini kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar