Bundan bir necha kun avval darakchi.uz’da Farg`ona viloyati Beshariq tumani “Qo`rg`oncha” QFYda yashovchi 71 yoshli onaxonning og`ir yashash sharoiti, abgor ahvolga kelib qolgan uyi, tuman hokimi onaxonning uyiga borib, holidan xabar olgani va qishdan qiynalmay chiqishi uchun hokimlik tomonidan yarim tonna ko`mir uyiga keltirib berishgani haqida videoxabar e`lon qilingan edi.
Hokim onaxonning holidan xabar olgani borganda aholi ko`magi bilan yangi uy qurib berishni va`da berib, o`z vaqtida xabar ololmagani uchun onaxondan uzr so`raydi.
Ushbu videoxabardan so`ng har doim xayrli ishlarga “labbay” deb turuvchi milliy brendlarimizdan biri bo`lgan “Artel” kompaniyasi onaxonga o`zlarining maxsus sertifikatini topshirishdi. Sertifikat onaxonga uy uchun kerak bo`luvchi barcha maishiy-texnika vositalarini bepul xarid qilish imkonini beradi. Ya`ni yangi uy qurib bitkazilganidan so`ng ushbu sertifikat bilan “Artel”ning istalgan filialiga borib, televizor, sovutgich, gaz plitasi, yarimavtomat kir yuvish mashinasi, mikroto`lqinli pech hamda changyutgich kabi texnika vositalarini qabul qilib olishlari mumkin bo`ladi.
Tuman hokimi uy qurilishini bahor faslida boshlashni ma`lum qilgan. Ko`p emas, yana qisqa fursatlardan so`ng sizni voqealar tafsiloti haqida xabardor qilib boramiz.