AsosiyJamiyat

2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Ya`ni...

'2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Ya`ni...'ning rasmi

Kecha xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoev “Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni qabul qildi. 

Ushbu qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:

1) 2024 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan savdo va biznes markazlari, ko`ngilochar va dam olish maskanlari, avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalari, mehmonxonalar, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo`llari bo`yidagi infratuzilma ob`ektlarida majburiy tartibda quvvatlantirish stansiyalari joylashtiriladi;

Qurilish vazirligi tomonidan texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga tegishli o`zgartirishlar kiritilishi ta`minlanadi.

2) quvvatlantirish stansiyalarining sonini 2024 yil yakuniga qadar 2 500 taga etkazish bo`yicha hukumat dasturi tasdiqlanadi. Bunda:

A) 2023 yilda elektr tarmoqlari, transformator va nimstansiyalarga tutash hududlardan 1 400 ta quvvatlantirish stansiyalarini o`rnatish uchun erlar auksionga chiqarilishi;

B) “hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo`llariga tutash hududlarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalari barpo etilishi;

V) 2023-2024 yillarda kamida 500 ta quvvatlantirish stansiyalarini joylashtirish uchun davlat organlari va tashkilotlarning bo`sh hududlari “k-savdo” orqali auksionga chiqarilishi nazarda tutiladi;

3) 2023 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga quvvatlantirish stansiyalari orqali elektr energiyasini sotish huquqi beriladi. Bunda, xizmat tarifi (narxi) elektr energiyasining tasdiqlangan tarifidan qat`i nazar tadbirkorlar tomonidan mustaqil belgilanadi;

4) 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar:

A) quvvatlantirish stansiyalari va ular o`rnatilgan avtomobil to`xtash joylari joylashgan er uchastkalari er solig`idan, shuningdek, quvvatlantirish stansiyalari mol-mulk solig`idan;

Mazkur imtiyoz hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 2023 yilda 2,4 mlrd so`m, 2024 yilda 9,4 mlrd so`m mablag` qoladi (2-ilova).

B) asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko`rsatish bo`lgan tadbirkorlar foyda solig`idan hamda transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini ko`rsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan; 

V) import qilinadigan quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi;

Moliya vazirligi 3 oy muddatda soliq kodeksiga tegishli o`zgartish
va qo`shimchalarni kiritish choralarini ko`radi.

5) hudud rahbarlari va energetika vazirligiga 2023 yil 1 dekabrga qadar faoliyat ko`rsatayotgan avtomobillarga benzin, dizel yoqilg`isi
va gaz quyish shoxobchalarida kamida 1 dona (4 ta kanalli) 60 kvt quvvatli quvvatlantirish stansiyasini o`rnatish choralarini ko`rish topshirilmoqda;

Bugungi kunda respublikamizda jami 4 652 ta avtomobillarga yoqilg`i quyish shoxobchalari mavjud bo`lib, shundan siqilgan gaz quyish shoxobchalari 1 443 tani, suyultirilgan gaz – 983 tani hamda benzin va dizel yoqilg`isi – 2 226 tani tashkil etadi (3-ilova).

6) texnik jihatdan tartibga solish agentligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quvvatlantirish stansiyalarini o`rnatish, ekspluatasiya qilish va elektr quvvatiga ulash, shuningdek, xizmatlar bo`yicha umumiy talablar va yagona standartlarni belgilashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini tayyorlash topshirilmoqda;

7) iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligiga “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish jamg`armasini tashkil etish chora-tadbirlarini 2023 yil 1 iyulga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.

    Boshqa yangiliklar