Poytaxtimizda O`zbekiston va Qozog`iston tadbirkorlari o`rtasida biznes-forum boshlandi. Yig`ilishda Bosh vazirning investisiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo`yicha o`rinbosari – Investisiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo`jaev so`zga chiqdi.
U Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – Savdo va integrasiya vaziri Jumangarin Serik Makashevichga Qozog`iston delegasiyasi tarkibida ushbu tadbirda shaxsan ishtirok etgani uchun o`z minnatdorchiligini bildirib, quyidagi fikrlarni aytib o`tdi:
— Bunday beqaror davrda nafaqat o`zaro ishonch va hurmatga, balki mustahkam do`stlikka asoslangan hamkorlik ham katta ahamiyatga ega.
So`nggi yillarda O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ortiq o`sdi va joriy yil oxiriga qadar bu ko`rsatkich 5 milliard dollarga yaqinlashadi. Biz tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga etkazish, jumladan, faol import o`rnini bosish orqali amalga oshirish vazifasini qo`yganmiz. Bu maqsadni amalga oshirish uchun yaqin kelajakda qo`shma tashqi savdo kompaniyasi tashkil etiladi.
O`zbekiston va Qozog`iston hududlari ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustaxkamlash uchun katalizator bo`lmoqda. So`nggi yillarda biz tobora ko`proq sohalarni qamrab olgan mintaqalararo sheriklikni sezilarli darajada kengaytirishga erishdik. Ammo ikki mamlakatning tulik barcha hududlari qo`shma loyiha va tashabbuslarda ishtirok etishi uchun aloqalarni yanada rivojlantirishni davom ettirish muhim.
Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qizilo`rda viloyatlari o`rtasida butun yo`nalishlar bo`yicha hamkorlikni yanada kengaytirish uchun yo`l xaritalari imzolanadi, - dedi J.Xo`jaev davom etayotgan forum chog`ida.
Shuningdek, Jamshid Xo`jaev bir oy muddatda 2023-2024 yillarga mo`ljallangan qo`shma hududlararo ko`rgazmalar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlashni taklif qildi.






