AsosiyJamiyat

"Katta yo`qotish...Rasulning "dux"iga doim tan berganman". Deputat Doniyor G`aniev ham Kusherbaevning ketishiga munosabat bildirdi

'"Katta yo`qotish...Rasulning "dux"iga doim tan berganman". Deputat Doniyor G`aniev ham Kusherbaevning ketishiga munosabat bildirdi'ning rasmi

Bugun Oliy Majli Qonunchilik palatasining eng faol deputati Rasul Kusherbaev davlat byudjeti muhokamasiga bag`ishlangan parlament yig`ilishidagi holatlardan so`ng o`z deputatlik faoliyatini to`xtatishga qaror qilganini e`lon qildi. Uning bu qarori ortidan  Toshkent shahar xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining O`zLiDeP partiyasidan deputat Nuriddin Zaynitdinov ham o`z xohishiga ko`ra deputatlik faoliyatini yakunlaganini ma`lum qildi

Ayni paytda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G`aniev Kusherbaevning ketish qaroriga o`z munosabatini bildirdi. 

"Parlament uchun katta yo`qotish, afsus. Rasulning jur`ati, "dux"iga doim tan berganman, har qanday qarshilik va bosimlarga qaramay o`z prinsiplarida qat`iy turishiga havas qilganman. Tan olish kerak, bu hammaning ham qo`lidan kelavermaydi.

Garchi Rasulni hurmat qilsamda, lekin uning bu galgi qarorini unchalik ma`qullamayman. Chunki Kusherbaev keng jamoatchilik uchun aynan davlat rahbari boshlagan siyosiy islohotlar yutug`ining timsoliga aylangan, mamlakatda kuchli parlament va demokratik jamiyat qurishda ko`pchilikka ilhomlantiruvchi, umid beruvchi shaxs sifatida shakllangan edi. Unga minglab saylovchilari ishonch bildirgan, undan deputat sifatida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishini kutishgan.

Shu bilan birga, Rasul bu qarorga osonlikcha kelmaganiga ham aminman. Ehtimol bizga ayon bo`lmagan asosli sabablari yoki shaxsiy muammolari bordur.

Bilishimcha, deputatlikdan ketishga hali rasman ariza bilan murojaat qilmagan. Balki, saylovchilari fikriga quloq solib, yana o`ylab ko`rar va qarorini o`zgartirar. Lekin nima bo`lgan taqdirda ham bu uning shaxsiy qarori va biz buni hurmat qilishimiz kerak.

Ishonamanki, deputatlikdan ketgan taqdirda ham Rasul Kusherbaev xalq manfaatlari va adolatli jamiyat barpo etish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish yo`lida xizmat qilishdan to`xtamaydi", deya yozib qoldirdi G`aniev. 

Eslatib o`tamiz, Qonunchilik palatasining “2022 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamasida deputat Doniyor G`aniev mazkur ikki monopol tashkilotga davlat byudjetidan utilizasiya yig`imi uchun 224,5 mlrd so`m mablag` ajratilishi nechog`lik maqsadga muvofiqligi haqida izoh so`rab, vazir o`rinbosari bilan tortishgan edi. 

 

    Boshqa yangiliklar